
Qozog‘istonda o‘zbekistonlik fuqarolar bo‘lgan avtobusda yong‘in chiqdi
05.06.2025 | 12:0018572
Qozog‘istonning Qarag‘anda oblastida Ostonadan Chimkentga yo‘l olgan yo‘lovchi avtobusida yong‘in chiqdi. Hodisa vaqtida transport vositasida besh nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bo‘lgani ma’lum qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 iyun kuni Ostona–Qarag‘anda–Almata avtomobil yo‘lining 960-chaqirig‘ida avtobusning motor qismida yong‘in kelib chiqqan. Yonib ketish xavfiga qaramasdan, yong‘in o‘t o‘chiruvchilar kelguniga qadar yo‘lovchilar tomonidan o‘chirilgan.
Qutqaruv xizmatlari tezkor ravishda hodisa joyiga yetib borib, avtobusdagi 34 nafar yo‘lovchini, jumladan, 9 nafar bolani evakuatsiya qilgan. Barcha fuqarolar xavfsiz joyga — yo‘lbo‘yi kempingiga yetkazilib, zarur yordam ko‘rsatilgan.
Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hech kim jarohat olmagan. O‘zbekistonlik yo‘lovchilar sog‘-salomat ekanligi tasdiqlangan.
Shu kabi hodisa joriy yil 2 mart kuni ham sodir bo‘lgan edi — Samara–Chimkent trassasida 33 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus yo‘l transport hodisasiga uchragan, ammo jabrlanganlar qayd etilmagan.





