
Qozog‘istonda qarindosh urug‘chilik endi yo‘q — To‘qayev
15.08.2025 | 21:0042464
Davlat xizmatida meritokratiya tamoyili o‘z o‘rnini topmoqda. Hokimiyatda endi oilaviy-urug‘chilik tizimi mavjud emas, dedi prezident Qosim-Jomart Toqayev.

Qozog‘istonda lavozimga tayinlashlar nomzodlarning kasbiy malakasiga asoslanib amalga oshirilmoqda, chunki mamlakatda «oilaviy-urug‘chilik tizimi endi yo‘q"». Bu haqda respublika prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev o‘qituvchilar anjumanida aytib o‘tdi.
«Jamiyatimiz o‘zgarmoqda, fuqarolarning ongi yangilanmoqda. Davlat xizmatida meritokratiya tamoyili o‘z o‘rnini topmoqda. Hokimiyatda endi oilaviy-urug‘chilik tizimi mavjud emas. Lavozimga tayinlashda eng avvalo bilim va kasbiy mahorat inobatga olinadi», - degan To‘qayev.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida qonun va tartibga hurmat ko‘rsatish mustahkam tamoyilga aylanmoqda. Qozog‘iston o‘z rivojlanishining sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ygan.
Qozog‘istonning sobiq rahbari 85 yoshli Nursulton Nazarboyev 30 yil mobaynida respublika boshlig‘i lavozimini egallab kelgan. 2019 yilda u iste’foga chiqishini ma’lum qilib, respublikadagi islohotlarni davom ettiradigan yangi avlod rahbarlari hokimiyatga kelishi zarurligini ta’kidlagandi. Konstitutsiyaga binoan, davlat rahbari vakolatlari o‘sha paytda Senat raisi sifatida To‘qayevga yuklatilgan edi. 2019 yil iyun oyida To‘qayev prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 2022 yil noyabr oyida o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovlarda u yana Qozog‘iston prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil may oyida To‘qayev 2029 yilda joriy yetti yillik muddati tugagach, lavozimini tark etishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, To‘qayev saylovoldi dasturini va asosiy islohotlarni amalga oshirish uchun yetti yillik bir muddatni yetarli deb hisoblashini aytgandi.





