
Qozog‘istondan O‘zbekistonga eksport qilinadigan don miqdori 34,4 foizga o‘sdi
18.08.2025 | 10:3024772
«Qozog‘iston temir yo‘llari» ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonga don yetkazib berish bir yil davomda 2,75 mln tonnadan 3,7 mln tonnaga yetib, 34,4 foizga o‘sdi.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumoticha, 2024 yil sentyabrdan 2025 yil 10 avgustgacha mamlakatdan jami 9,8 mln tonna don eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 55 foiz ko‘pdir.
Shu bilan birga, Tojikistonga eksport 46 foizga oshib 1,4 mln tonnani, Afg‘onistonga yetkazib berish 51,6 foizga o‘sib 329 ming tonnani tashkil qildi. Qirg‘izistonga don yetkazish ikki barobar ko‘payib 262 ming tonnaga yetdi.
Eron bozoridagi talab keskin o‘sib, eksport 16 barobar oshdi va 974 ming tonnani tashkil etdi. Shuningdek, Ozarboyjonga yetkazib berish 121 barobarga ko‘payib, 728 ming tonnaga yetdi.
Vazirlik ma’lumoticha, bu o‘sish tashqi bozorlarda qozoq doniga bo‘lgan yuqori talab bilan bog‘liq. 2024 yilda Qozog‘istonda umumiy don hosili 26,7 mln tonnaga yetdi va bu mamlakat uchun rekord ko‘rsatkich bo‘ldi. Mamlakatning an’anaviy bozorlari qatorida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston alohida o‘rin tutadi.





