
Qudratini ko‘z-ko‘z qilgan Xitoy, pora bilan ushlangan hokim — kunlik dayjest
03.09.2025 | 16:30112112
Dunyoda va mamlakatimizda seshanba kuni ro‘y bergan eng muhim voqea-hodisalardan iborat kunlik dayjestning navbatdagi sonini taqdim etamiz.

Videoni YouTubeʼda tomosha qiling:
👉https://www.youtube.com/watch?v=jsq1JHUgHHs
Isroil HAMASning matbuot kotibini o‘ldirdi
Isroil mudofaa vazirligi G‘azo shahrida amalga oshirilgan havo zarbasi oqibatida HAMAS harbiy qanoti matbuot kotibi Abu Ubayda halok bo‘lganini bildirdi.
Falokatli hujum 30 avgust kuni G‘azo shahrining Rimal mahallasini nishonga olgan. Isroil tomoni uning o‘limi haqida aniq bayonot bergan bo‘lsa-da, HAMAS hozircha bu xabarni tasdiqlamadi.
Abu Ubaydaning so‘nggi bayonoti juma kuni e’lon qilingan, unda u garovdagi shaxslarni asrab qolishga harakat qilishini aytgan, biroq o‘lik garovdagi shaxslarning jasadlari «hamisha yo‘qolib ketishi» haqida ogohlantirgan edi. Isroil armiyasi uning tashviqot videolari va garovdagi shaxslarni namoyon qilgan roliklar orqasida turganini ma’lum qildi.
G‘azo shahrida urush yanada kuchaydi. Hududning eng yirik shifoxonasi «Shifo» ma’muriyatining bildirishicha, shanba va yakshanba kunlari kamida 43 falastinlik halok bo‘lgan, ularning ko‘pchiligi shaharning Rimal mahallasida va oziq-ovqat qidirib yurgan paytda nishonga olingan. Guvohlar Isroil harbiylari Netzarim yo‘lagida to‘plangan aholiga o‘t ochganini aytishmoqda.
Kim Chen In Pekinga qizi bilan bordi
Koreya xalq demokratik respublikasi rahbari Kim Chen In qizi Kim Chju E hamrohligida Xitoyga bordi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligi suratiga asoslanib, «Yonhap» agentligi xabar berdi.
Shimoliy Koreya rahbari poyezddan platformaga tushgach, tarkibida qizi ham bo‘lgan delegatsiya bilan birgalikda yurgani surati tarqaldi. Ta’kidlanishicha, u otasi bilan birinchi marta Xitoyga tashrif buyurgan.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning taklifiga ko‘ra, Kim Chen Inni Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qo‘mitasi va hukumati a’zolari kuzatib borgan. Kim Chen In Xitoydagi paradda tomoshasida ishtirok etish uchun keldi.
Pekinda harbiy parad o‘tkazildi
Ikkinchi jahon urushida Yapon militarizmi ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan Pekindagi tantanali tadbirlar 3 sentyabr kuni o‘tkazildi. Tyananmen maydonida harbiy parad bo‘lib, unda SHHT ga a’zo davlat rahbarlari doxil, jami 24 davlat rahbari qatnashdi.
Jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z rafiqasi bilan birga Pekin shahridagi tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.
Xitoy rahbari Pekindagi paradni Rossiya va Shimoliy Koreya yetakchilari bilan birga kuzatdi.
Pekindagi parad davomida dronlarga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan bir necha lazer mudofaa tizimlari namoyish etildi.
Shuningdek, masofadan boshqariluvchi robotlashtirilgan platformalar olib o‘tildi. Xitoy harbiy samolyotlari maydon uzra parvoz qildi.
Parad davomida Xitoyning gipertovushli raketalari ham namoyish etildi. Bundan tashqari Xitoy masofadan boshqariluvchi kater hamda suvosti platformasini namoyish qildi. Harbiy kuch namoyish etilgan parad oxirida tinchlik ramzi bo‘lgan kabutarlar osmonga uchirildi.
Ukrainada 7 ta yerosti maktabi ochildi
Ukrainada yangi o‘quv yilida minglab bolalar xavfsizlik uchun yerostida dars boshladi. Xarkiv shahrida Rossiya hujumlari sabab yerostida 7 ta maktab ish boshladi va ularda 17 mingga yaqin o‘quvchi ta’lim olmoqda.
Bu tajriba shaharning eng ko‘p zarar ko‘rgan tumanlarida amalga oshirilmoqda.
Shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda yerostidagi maktablar soni yana oshishi kutilmoqda. Xarkiv meri Igor Terexovning aytishicha, yaqin vaqtda yana 3 ta maktab ishga tushiriladi va shahar metrosidagi 6 ta bekat sinfxonalarga aylantirilgan.
Nova Saltivka tumanida ikki maktab faoliyat boshlab, ularda 1,5 mingga yaqin bola tahsil olmoqda. Xavfsizlik choralari sabab, ota-onalar bu muassasalarga ishonch bildirishmoqda.
Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora bilan ushlandi
Namanganda shahar hokimi tadbirkordan ko‘p qavatli uy qurish uchun yer ajratish evaziga pora talab qilganlikda ayblanmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shahar hokimi Anvar Otaxo‘jayev poyabzal ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan til biriktirib, fuqarodan 60 ming AQSH dollari talab qilgan. Bu mablag‘ evaziga u shahar markazidagi 35 sotix maydonda joylashgan eski turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini ta’minlashga va’da bergan.
Tezkor tadbir chog‘ida dastlab MCHJ rahbari pulni qabul qilayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng hokim ham devonxona mudiri orqali pulni olgan paytda qo‘lga olingani ma’lum qilinmoqda.
Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, shahar hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Unga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida ayblov qo‘yilgan. Shuningdek, MCHJ rahbari va devonxona mudiri ham turli moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.
«O‘zbekneftgaz» nihoyat AI-80 benzini sotuvini to‘xtatmoqda
«O‘zbekneftgaz» AJ 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab AI-80 rusumli benzinni birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Qaror davlat rahbarining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida qabul qilingan. Mazkur dasturda atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan energetika siyosati yuritilishi belgilangan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, endi birja savdolariga faqat Ai-92 rusumli benzin chiqariladi. Bungacha har kuni o‘rtacha 1000 tonna Ai-92 taklif etilgan bo‘lsa, hozirda bu hajm 1720 tonnaga yetkazilgan. Kompaniya ichki bozor talabidan kelib chiqib, ushbu hajmni yanada ko‘paytirish imkoniyati mavjudligini ta’kidlamoqda.
Shu bilan birga, avgust oyida tadbirkorlar tomonidan sotib olingan Ai-80 rusumli benzin hajmlari sentyabrda ham o‘z egalariga yetkazib beriladi. Bu jarayon amaldagilar va mavjud zaxiralar doirasida bajariladi.
Mutaxassislar fikricha, yuqori oktanli benzinga o‘tish nafaqat muhitni muhofaza qilish, balki avtomashinalar samaradorligini oshirishga ham xizmat qiladi.





