
Qurbon hayitida Toshkent metroci vaqtincha bepul ishlaydi
05.06.2025 | 14:406153
6 iyun — Qurbon hayiti kuni Toshkent metropoliteni 03:00 dan 10:00 gacha yo‘lovchilar uchun bepul xizmat ko‘rsatadi. Bu shahar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshiriladi.

Toshkent metropoliteni Qurbon hayiti munosabati bilan 6 iyun kuni o‘z ish faoliyatini odatdagidan ikki soat erta — soat 03:00 da boshlaydi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, 03:00 dan 10:00 gacha barcha yo‘lovchilar metro xizmatlaridan bepul foydalanishlari mumkin. Bunday tartib bayram kuni shahar aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish, jumladan, hayit namoziga qatnashish imkoniyatini yengillashtirish maqsadini ko‘zlaydi.
Metropolitenda 7 iyun kuni poyezdlar shanba kunlari uchun belgilangan jadval asosida, 8 iyun kuni esa yakshanba kuni uchun tasdiqlangan jadval bo‘yicha soat 05:00 dan harakatni davom ettiradi.
Shuningdek, 6 iyun kuni shahar ichki yo‘nalishlaridagi avtobuslar ham soat 03:00 dan o‘z harakatini boshlaydi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentdagi jome masjidlarda Qurbon hayiti namozi 6 iyun kuni soat 05:10 da o‘qiladi. Shu munosabat bilan masjidlar atrofidagi yo‘llarda transport harakati soat 00:00 dan 08:00 gacha vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu o‘zgarishlar hayit kuni shahar infratuzilmasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash, aholi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.





