
Qurilish kompaniyalarining soliqdan 1 trln so‘mdan ortiq qarzi bor
18.08.2025 | 18:3014983
2025 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori qurilish korxonalari 1 163 ta, ularning jami qarzi 1 trln so‘mdan ortiq.

Shundan 385,3 mlrd so‘mi, ya’ni 38 foizi soliq qarzi eng yirik bo‘lgan 10 ta korxona hisobiga to‘g‘ri keladi. Hududlar kesimida eng ko‘p qarz Toshkent shahrida qayd etilgan — 393,1 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon viloyati (123 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (69,9 mlrd so‘m) turibdi.
Eng yirik qarzdor korxonalar orasida “Reliable Stroy Invest” MCHJ birinchi o‘rinda bo‘lib, qarzi 81,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Undan keyin “Mohir-Quruvchi” MCHJ (65,3 mlrd so‘m) va “Aziya Invest Favorit” MCHJ (63 mlrd so‘m) joylashgan. Shuningdek, Navoiy viloyatidagi “PU AO UK NATEK” (56,5 mlrd so‘m) ham katta qarzdorlar qatoriga kirgan.
Toshkent shahridan yana bir qator yirik kompaniyalar — “Tamirlash Qurish Servis” MCHJ (50,8 mlrd so‘m), “Fayz Design” MCHJ (18,5 mlrd so‘m), “DSK Binokor” MCHJ (12,8 mlrd so‘m) va “Neftgazmontaj” MCHJ (11,2 mlrd so‘m) ham ro‘yxatga kirgan. Umuman, top-10 kompaniya umumiy qarzning 38 foizini tashkil etadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yirik qarzdor kompaniyalar soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishi davlat byudjeti barqarorligi va iqtisodiyotning shaffofligi uchun muhim ahamiyatga ega.
Avvalroq qurilish korxonalari yarim yilda 4,2 trln so‘m soliq to‘lagani haqida xabar bergan edik.





