
Quyosh panellari o‘rnatgan 35,3 ming kishi subsidiya oldi
2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun qancha miqdorda davlat byudjetidan subsidiya olingani ma’lum qilindi.

Soliq qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida 35 284 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun 153 mlrd 643 mln so‘m davlat byudjetidan subsidiya oldi.
Qayd etilishicha, hududlar bo‘yicha subsidiyaning eng katta qismi 42,6 mlrd so‘m bilan Xorazm viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi yetakchi hududlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (22,4 mlrd so‘m) va Buxoro viloyati (15,3 mlrd so‘m) bo‘ldi.
Subsidiyani «Soliq» mobil ilovasi «Keshbek va imtiyozlar» xizmatining «Quyoshli xonadon» bo‘limidagi «Kartaga pul o‘tkazish» oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 1 apreldan «Quyoshli xonadon» dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1 000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2026 yil byudjeti muhokama qilinib, samara bermayotgan subsidiya va imtiyozlarni tugatish vazifasi qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.





