
«Qwizzserial» virusi O‘zbekistonliklarning pullarini o‘g‘irlamoqda
03.07.2025 | 14:0020964
Group-IB kiberxavfsizlik kompaniyasi O‘zbekistonda tarqalayotgan yangi «Qwizzserial» virusi bo‘yicha tadqiqot e’lon qildi. Ushbu virus qisqa vaqt ichida yuz mingga yaqin foydalanuvchiga zarar yetkazgan.

Virus Telegram orqali «Moliyaviy yordam», «Prezidentdan sovg‘a» kabi jozibador nomlar ostida apk-fayl sifatida tarqatilmoqda. Foydalanuvchi faylni yuklab, telefonga o‘rnatgandan so‘ng, dastur SMS-xabarlarni qabul qilish va o‘qish uchun ruxsat so‘raydi. Keyin esa bank kartasi ma’lumotlarini kiritishni talab qiladi.
Ushbu jarayon ijtimoiy muhandislik usuli orqali amalga oshiriladi. Ilovaning interfeysi orqali foydalanuvchiga «Moliyaviy yordam olish uchun ariza qabul qilindi, tez orada pul yetib keladi» kabi ishonchli xabarlar yuboriladi. Biroq aslida esa, foydalanuvchilarning pullari o‘g‘irlanadi.
Group-IB ma’lumotiga ko‘ra, mazkur sxema orqali juda qisqa vaqtda – martdan iyungacha bo‘lgan davr mobaynida kamida 62 ming dollar o‘g‘irlangan. Bu faqat bitta kiberguruhning faoliyati, aslida zarar ko‘rganlar soni va moliyaviy yo‘qotishlar ancha katta bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda aholi daromad darajasi past bo‘lgani sababli ko‘pchilik bu kabi yolg‘on takliflarga ishonmoqda. Afsuski, kiberhujumlar va firibgarlik shunday zaif ijtimoiy muhitdan foydalanib, yana ko‘p odamlarni aldashda davom etadi.
Mutaxassislar SMS orqali tasdiqlash tizimidan voz kechib, bildirishnomalar, biometrik identifikatsiya yoki maxsus ilova orqali kod yaratish kabi xavfsizroq usullarni joriy etishni taklif qilmoqda. Bu kiberhimoyani kuchaytirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.
Firibgarlik sxemalari haqidagi ma’lumotlar va ogohlantirishlar zarur, ammo mutaxassislar bu kabi axborotlar muammoni to‘liq bartaraf etishiga ishonmaydi. Asosiy yechim xavfsizlikni mustahkamlash va aholining kiber savodxonligini oshirishdir.





