add

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an: «Dunyodagi ko‘plab mojarolar Turkiyasiz hal bo‘lmaydi»

25.10.2025 | 21:304831

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, mamlakatning xalqaro maydondagi ta’siri shunchalik oshdiki, endi Suriyadan tortib Rossiya–Ukraina urushigacha bo‘lgan nizolar Turkiya ishtirokisiz hal etilmaydi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an: «Dunyodagi ko‘plab mojarolar Turkiyasiz hal bo‘lmaydi»

Istanbuldagi chiqishida Turkiya rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an dunyodagi ko‘plab mojarolarni barqarorlikka olib kelishda Turkiyaning o‘rni hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat endi nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida ham tinchlik va barqarorlikni «eksport qiluvchi kuch»ga aylangan.

«Bugun do‘stlar ham, raqiblar ham muzokara stolida kuchli Turkiya borligini tan olmoqda. Ular bunga ko‘nikmoqda. Suriyadan G‘azogacha, Fors ko‘rfazidan Rossiya va Ukraina mojarosigacha — hech bir masala Turkiyasiz muvozanatga keltirib bo‘lmaydi», — dedi Erdo‘g‘an Istanbulda yoshlar bilan uchrashuvda.

Prezidentning ta’kidlashicha, mamlakat tashqi siyosat, demokratiya, mudofaa sanoati va iqtisodiyotdagi qat’iy qadamlari orqali global kuchga aylanmoqda. U Turkiya so‘nggi yillarda harbiy eksport, diplomatik faollik va energetika sohasida ham muhim yutuqlarga erishganini qayd etdi.

Erdo‘g‘an shuningdek, G‘arb bilan munosabatlardagi tanqidlarga ham javob berdi: «Avvallari ayrimlar Turkiya G‘arb ittifoqidan uzoqlashyapti, uni o‘yindan chiqaryapti, deb aytishgan edi. Ammo hayot haqiqatni ko‘rsatdi — biz to‘g‘ri tomonda edik».

Turkiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning yangi tashqi siyosati milliy manfaatlar, strategik muvozanat va mustaqillikka tayangan holda qurilgan. «Biz jahon siyosatida faol ishtirok etish orqali tinchlik va adolatni mustahkamlaymiz», — deya xulosa qildi u.

Teglar

Mavzuga oid