add

Raqobat qo‘mitasi chegirma va aksiyalarni tartibga solishni taklif qilmoqda

21.06.2025 | 19:2044933

Raqobat qo‘mitasi chegirmalarga oid yangi tartibni joriy etishni taklif qilmoqda. Unga ko‘ra, sun’iy arzonlashtirish, alkogol va tamaki mahsulotlariga chegirma e’lon qilish taqiqlanadi.

Raqobat qo‘mitasi chegirma va aksiyalarni tartibga solishni taklif qilmoqda
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Raqobat qo‘mitasi chegirma va aksiyalarni tartibga solish bo‘yicha yangi tartibni jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Hujjat loyihasiga muvofiq, alkogol], pivo, vino va tamaki mahsulotlari, shuningdek, nikotin iste’moli uskunalari uchun har qanday chegirma va aksiyalar taqiqlanadi. Sotuvchilar chegirmani faqat so‘nggi 30 kun ichidagi eng past narx asosida ko‘rsatishi mumkin. Chegirma amal qilish muddati, ya’ni boshlanish va tugash sanasi aniq ko‘rsatilishi talab etiladi. Agar chegirma faqat muayyan shartlarda amal qilsa, bu holat oldindan iste’molchiga bildirilishi lozim. Yana bir muhim jihat — sun’iy ravishda narxni oshirib, keyin arzonlashtirilganini chegirma sifatida ko‘rsatish mumkin emas. Shuningdek, chegirmadagi narx odatiy narxdan katta shriftda yozilishi ham taqiqlanadi. Aksiyalar haqidagi ma’lumotlar tadbir boshlanishidan 10 kun avval soliq organlariga taqdim etilishi kerak. Iste’molchini adashtirmaslik uchun aksiya shartlari, amal qilish muddati va mahsulot nomi aniq ko‘rsatilishi lozim. Aksiya davomida shartlar o‘zgartirilmasligi va aksiyaga tushgan tovarlar yetarli miqdorda zaxirada bo‘lishi ham belgilanmoqda. Agar chegirma mahsulotning yaroqlilik muddati tugayotgani yoki qadoq shikastlangani sababli berilsa, bu holat ham aniq ko‘rsatilishi shart. Shuningdek, chegirmadan foydalanish uchun shaxsiy ma’lumot talab etilsa, sotuvchi ushbu ma’lumotlarni qanday maqsadda yig‘ishi va ishlatishi haqida iste’molchini oldindan xabardor qilishi lozim.  

Teglar

Mavzuga oid