add

Raqobat qo‘mitasi xorijda ish va o‘qishni va’da qiluvchi litsenziyasiz firmalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekiston fuqarolarini «oson» yo‘l bilan xorijga ishlash yoki o‘qishga yuborishni va’da qiluvchi konsalting firmalari soni ortib bormoqda. Lekin ularning ko‘pchiligi litsenziyasiz va faoliyati qonuniy emas.

Raqobat qo‘mitasi xorijda ish va o‘qishni va’da qiluvchi litsenziyasiz firmalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, joriy yilda xorijda ishlash yoki o‘qish masalasida konsalting xizmatlari ko‘rsatamiz, deb aldagan firmalar yuzasidan 20ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati firmalarga katta miqdorda pul to‘lab, natijada na xizmat olgan va na mablag‘ini qaytarib olgan. Masalan, Toshkentdagi «KONSALTING N1 B2B» MCHJ Latviyaga ishga yuborishni va’da qilib A.B.dan 16 mln so‘mdan ortiq pul olgan. Farg‘onalik fuqaro Sh.M. «VIVAT VIZ» MCHJga 2000 dollar to‘lagan, Yangiyo‘l tumanida yashovchi O.X. esa Germaniyaga ishlashga borish maqsadida «BLACK MOUNTAIN PRO» MCHJga 36 mln so‘m bergan. Ammo hech biri o‘z va’dasida turmagan. Qonunga ko‘ra, xorijga ishga joylashtirish litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy bandlik agentliklari orqali amalga oshirilishi mumkin. Ammo ko‘plab firmalar bu talabga amal qilmayapti. Jumladan, «DIAMOND IDEAL», «XORIJDA ISH VA O‘QISH», «SJ TEAM», «CONSULTING FLY» va boshqa firmalar faqat pul to‘plash bilan cheklanib, xizmatni amalga oshirmagan. Ayrim holatlarda esa konsalting firmalari jamoatchilikka Yevropa davlatlariga ishga yuborishni reklama qilmoqda. «EVERYONE CONSULT» va «WORLDVIZA» MCHJlariga litsenziyasiz faoliyat olib borgani uchun 112,5 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. «RICH RESULT», «RAVON CONSULT GROUP» va «ADWORLD GROUP» MCHJlariga nisbatan ham huquqiy choralar ko‘rilgan. Qo‘mita fuqarolarni ogoh bo‘lishga chaqiradi: har qanday firma bilan shartnoma tuzishdan avval uning litsenziyasi, qonuniy faoliyati va shartnomadagi barcha bandlar bilan tanishib chiqish lozim. Qonunni bilmaslik o‘zingizni moliyaviy va huquqiy muammolar girdobiga olib kirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid