add

«Rasm sifati yaxshi, to‘g‘rimi?»: Janubiy Koreya Xitoy bilan aloqalarni tiklashga urinmoqda

06.01.2026 | 19:382 daqiqa

Si Jinping va Li Je Myonning Pekindagi muzokaralari Seulning Xitoy, Yaponiya va AQSH o‘rtasidagi diplomatik yo‘nalishini qayta belgilashi mumkin.

«Rasm sifati yaxshi, to‘g‘rimi?»: Janubiy Koreya Xitoy bilan aloqalarni tiklashga urinmoqda

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon kecha 5-yanvar kuni Pekinda Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashib, ikki davlat aloqalarida «yangi bosqich» boshlashga chaqirdi. Bu haqda Bi-bi-si yozmoqda.

3

Qayd etilishicha, to‘rt kunlik tashrif davomida Lining kun tartibidagi asosiy masalalar — mintaqaviy xavfsizlik va Xitoyning koreys pop-madaniyatiga (K-pop) qo‘ygan norasmiy taqiqini bekor qilishdir.

Bu 2019 yildan beri Janubiy Koreya rahbarining Xitoyga ilk tashrifidir. Ikki tomonlama munosabatlar Lining o‘tmishdoshi, Xitoyga nisbatan keskin tanqidiy munosabatda bo‘lgan va impichment e’lon qilingan sobiq prezident Yun Sok Yol davrida yomonlashgan edi. Si Jinping esa Xitoy va YAPponiya o‘rtasidagi diplomatik kelishmovchiliklar fonida Janubiy Koreya bilan aloqalarni mustahkamlashga moyil bo‘lib turibdi.

Janubiy Koreya — Yaponiya kabi AQSHning xavfsizlik bo‘yicha ittifoqchisi, ammo savdo masalasida Xitoyga tayanadi. Ekspertlarning fikricha, prezident Li Pekin va Tokio o‘rtasida diplomatik muvozanatni saqlashga (dorbozlikka) majbur bo‘ladi.

Dushanba kuni Li ushbu tashrifni munosabatlarni to‘liq tiklash uchun «hal qiluvchi imkoniyat deb» atadi. Ikki davlat hukumatlari va kompaniyalari texnologiya, savdo va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qator bitimlarni imzolashdi.

Qiziqarli jihati, Li Si Jinping bilan selfiga tushdi. Bunda u o‘tgan yili Xitoy rahbari unga sovg‘a qilgan Xiaomi telefonidan foydalandi va ijtimoiy tarmoqda: «Rasm sifati haqiqatan ham yaxshi, shunday emasmi?», - deb yozdi u X'dagi sahifasida.

2

Mintaqaviy ziddiyatlar va Yaponiya omili

Si Jinping Koreya prezidentini «tarixning to‘g‘ri tomonida turishga va to‘g‘ri strategik tanlov qilishga» undadi. Shuningdek, u ikki davlatning Yaponiya militarizmiga qarshi birgalikdagi kurash tarixini eslatib o‘tdi. Ekspertlarning fikricha, Xitoyning maqsadi aniq: Koreyani o‘z tomoniga og‘dirish va Yaponiyani qoralash.

Biroq, Janubiy Koreya Xitoyga hurmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, u Yaponiya bilan ham aloqalarni mustahkamlamoqchi. Li shu oy oxirida Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaiti bilan uchrashishni rejalashtirmoqda.

Shimoliy Koreya masalasi

Li Shimoliy Koreyani yadroviy quroldan voz kechtirish uchun Xitoyning yordamiga muhtoj. Pekin Pxenyanning eng katta iqtisodiy va diplomatik homiysi hisoblanadi. Dushanba kuni Li Koreya yarim orolida tinchlik o‘rnatish uchun Xitoy bilan hamkorlik qilishga va’da berdi.

Ammo vaziyat murakkab: Shimoliy Koreya yaqinda ballistik va gipersonik raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Shu bilan birga, Janubiy Koreyada AQSH qo‘shinlari joylashgani va o‘tgan yili atom suvosti kemalarini qurish bo‘yicha AQSH bilan kelishuvga erishilgani Xitoyni xavotirga solmoqda.

K-pop va madaniy cheklovlar

Yana bir muhim masala — Xitoyning Janubiy Koreya musiqasi va seriallariga 10 yildan beri qo‘yib kelayotgan norasmiy cheklovlaridir. Xitoy buni rasman tan olmasa-da, bu 2016 yilda Koreyada AQSH raketaga qarshi tizimi (THAAD) o‘rnatilishiga javob deb ko‘riladi.

Ikki davlat rahbarlari madaniy almashinuvlarni bosqichma-bosqich kengaytirishga kelishib oldi, biroq aniq muddatlar yoki majburiyatlar hozircha ochiqlanmadi.

Teglar

Mavzuga oid