add

Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlari auditdan o‘tkaziladi

08.10.2025 | 10:2244333

Milliy statistika qo‘mitasi endilikda rasmiy ma’lumot tayyorlovchi idoralarning statistika uslubiyotlarini rejali ravishda tekshirib boradi.

Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlari auditdan o‘tkaziladi
O‘zbekiston hukumati 2025 yil 6 oktyabrda qabul qilgan 627-sonli qaror bilan «Rasmiy statistikani tayyorlovchilarning statistika uslubiyotlarini auditdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizomni tasdiqladi. Hujjatga muvofiq, statistika uslubiyotlarini baholash va tekshirish vakolati Milliy statistika qo‘mitasiga yuklandi. Nizomga ko‘ra, rasmiy ma’lumot tayyorlovchi har bir tashkilotda statistika uslubiyotlari besh yilda kamida bir marta auditdan o‘tkaziladi. Bu jarayon qo‘mita tomonidan har yili tasdiqlanadigan maxsus reja-jadval asosida amalga oshiriladi. Auditning asosiy vazifalari qatorida foydalanilayotgan statistika uslubiyotlarining xalqaro tavsiyalarga mosligini baholash, e’lon qilinayotgan ma’lumotlarning ishlab chiqish uslubiyotiga muvofiqligini aniqlash hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish belgilangan. Shu bilan birga, Milliy statistika qo‘mitasi har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yilda qaysi idoralarda audit o‘tkazilishi rejasini tasdiqlaydi. Bu orqali mamlakatda rasmiy statistikaning aniqligi va xalqaro standartlarga mosligi ta’minlanishi kutilmoqda. Nizom rasmiy statistika sifati, ishonchliligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid