
Ravshan Ermatov Kannavaro 4 mln yevro olishi haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi
06.10.2025 | 21:0025362
Italiyalik mutaxassis O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi sifatida ikki yil faoliyat yuritadigan bo‘ldi.

Avvalroq, Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Fabio Kannavaroning murabbiylar shtabi maoshi yiliga 4 million yevrogacha bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bugun, 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur xabarlarga oydinlik kiritdi.
«Hozir matbuotda maosh haqida ko‘p gap-so‘zlar paydo bo‘ldi: kimdir 4 million [yevro], kimdir boshqa summalarni yozmoqda. Aslida bu yarmining yarmi ham emas. Agar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida shunday moliyaviy imkoniyatlar bo‘lganida, biz umuman boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardik. Ammo biz real resurslarimizdan kelib chiqib, eng maqbul variantni tanladik», - dedi u.
O‘FA birinchi vitse-prezidentining so‘zlariga ko‘ra, etika nuqtai nazaridan ikkala tomon ham shartnoma tafsilotlarini oshkor qilmaslikka kelishib olgan.





