add

Reklamalarda botlar faollashdi: soxta trafik ulushi keskin oshdi

Kecha 10:16702

Kiberxavfsizlik tahlilchilari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada internet-reklamada botlar ulushi avgustdagi 2 foizdan oktyabrda 20 foizga yetdi. Noyabrga borib bu ko‘rsatkich 35 foizdan oshib ketishi mumkin.

Reklamalarda botlar faollashdi: soxta trafik ulushi keskin oshdi

Kiberxavfsizlik sohasidagi tahlilchilar internet-reklamalarda soxta trafik — ya’ni botlar faoliyati keskin oshganini qayd etmoqda. Servicepipe kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 2025 yilning avgustidan oktyabrigacha reklama kampaniyalarida botlar ulushi 2 foizdan 20 foizgacha o‘sgan.

Kompaniya mutaxassislari 50 ta turli reklama kampaniyasini tahlil qilib, ayrim holatlarda bot so‘rovlari soni 4 milliondan 90 milliongacha oshganini aniqladi. Agar tendensiya shu tarzda davom etsa, noyabr yakuniga qadar bot trafik ulushi 35 foizdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.

Tahlilchilar bu holatni kuz-qish mavsumidagi an’anaviy reklama faolligi bilan izohlaydi. Ayniqsa, «qora juma» kabi yirik savdo tadbirlari oldidan reklama xarajatlari ko‘paygan sari, soxta faoliyat bilan shug‘ullanuvchi botlar ham ko‘payadi. Tadqiqotda qayd etilishicha, masalan, 10 million rubllik reklama byudjeti bo‘lgan kampaniyada botlar hisobiga yo‘qotishlar 3,5 million rublgacha yetishi mumkin.

Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida internet-reklama hajmi 267 mlrd rublga yetdi (+10 foiz yillik o‘sish). Shu asosda Servicepipe noyabr oyida segment hajmi 56–62 mlrd rubl atrofida bo‘lishini, shundan taxminan 20 mlrd rublni botlar «ko‘rib chiqishi» mumkinligini bashorat qilmoqda.

Reklama bozori ishtirokchilari ham bu tendensiyani tasdiqlamoqda. Solta platformasi tijorat direktori Aleksey Seryanovning ta’kidlashicha, ular har bir kampaniya boshlanishida noqonuniy trafikning 50 foizga yaqinini filtr orqali bloklaydi. Uning fikricha, botlar ulushi noyabrda 35 foizdan oshib ketishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim noaniq platformalar reklama sotish orqali foyda olish uchun botlardan foydalanmoqda.

Biroq hamma agentliklar bu fikrga qo‘shilmaydi. D?Agency rahbari Igor Demidov ma’lum qilishicha, ularning mijozlari uchun botlar ulushi 1,5–3 foiz atrofida bo‘lib, bu statistik me’yorga mos keladi. Masalan, VK Ads’ning uchinchi chorak hisobotida shubhali bosishlar ulushi 2,8 foizdan oshmagan, «Yandeks» esa real vaqtda frodni filtrlash uchun mashinali o‘qitish tizimlaridan foydalanmoqda.

Teglar

Mavzuga oid