
Rekord darajada oltin qazib olish, Mubashshir Ahmadga 7 yillik jazo va yangi GES — 18 sentyabr dayjesti
18.09.2025 | 22:0012608
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Mubashshir Ahmadga 7 yillik jazo so‘raldi
Bugun, 18 sentyabr kuni Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat ayblovchisi — prokuror Alisher Tursunovga (Mubashshir Ahmad) nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘radi. Bu haqda Vaqt.uz jurnalisti xabar berdi.
«Advokatlar jamoasi esa ayblovlar asossizligi, Tursunov beaybligini isbotlashga qattiq harakat qilishdi», — dedi jurnalist.
Mubashshir Ahmadga so‘nggi so‘z 22 sentyabr kuni beriladi. Shundan keyin sud maslahatga kiradi.
«Guangzhou» klinikasi ishi bo‘yicha xitoylik ota-o‘g‘il jarimaga tortildi
Toshkentda «Guangzhou Medical of China» klinikasida firibgarlik va sifatsiz dori vositalarini tarqatishda ayblangan xitoylik shifokor Xe Kiang va uning o‘g‘li Xe Feng sud qilindi. Ular 100 nafar fuqaroni aldab, katta miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritgan. Sudda Xe Kiang aybini tan olgan va jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning qisman qoplanganini aytgan.
Bektemir tuman sudi ularni katta miqdordagi jarima bilan jazolashga qaror qildi: Xe Kiang 33,2 mln so‘m, Xe Feng esa 30,2 mln so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Shuningdek, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilindi. Klinikaga nisbatan jinoyat ishi 2022 yilda qo‘zg‘atilgan bo‘lib, bemorlarga arzon dorilarni qimmatbaho qilib sotish holatlari mavjud edi.
Norin GESlar kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi
Namangan viloyatida Norin daryosida qurilayotgan gidroelektr stansiyalari kaskadining birinchi bosqichi ishga tushirildi. 17 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Uychi tumanidagi inshootni ko‘rib chiqdi. Loyiha 428 million dollardan ortiq mablag‘ga amalga oshiriladi va yiliga 1 milliard kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Bu, shuningdek, 430 ming xonadonni elektr bilan ta’minlaydi va 290 million kub metr gazni tejash imkonini beradi.
Ishga tushirilgan GES-1 mahalliy materiallar va uskunalar asosida qurilgan va «birinchi milliy GES» sifatida qayd etilgan. Uning ishlab chiqarish quvvati yiliga 171 million kVt/s. Loyiha doirasida yangi gidroagregatlar joriy qilindi, bu esa milliy gidroenergetika sohasida yangi bosqich hisoblanadi. GES hududida suv to‘sish inshooti va ekologik manzaralar uchun daraxtlar ekish choralari ko‘rilgan. Qolgan stansiyalar 2026-2027 yillarida ishga tushiriladi.
O‘zbekiston eng ko‘p oltin qazib oluvchi davlatlar o‘ntaligiga kirdi
An’anaga ko‘ra, Xitoy eng yirik ishlab chiqaruvchi davlat sifatida birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin Rossiya va Avstraliya joylashgan. Kanada hamda AQSH kuchli beshlikka kirgan.
O‘zbekiston esa ilk bor eng ko‘p oltin qazib oluvchi o‘nta davlat qatoriga kirdi. Bu mamlakatning global oltin bozoridagi nufuzi va ta’siri ortib borayotganini anglatadi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, oltin qazib olish an’anaviy ravishda O‘zbekistonning eksport salohiyatida asosiy yo‘nalish bo‘lib kelgan. Yirik ishlab chiqaruvchilar qatoriga kirish esa iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, moliya sektorini rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
O‘zbekiston mahsulotlari uchun Afrika bozorlariga yo‘l ochilmoqda
O‘zbekiston diplomatlari Misr–Afrika tadbirkorlari uyushmasi (YeAVA) bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish maqsadida muzokara o‘tkazdi. Muloqotda O‘zbekiston va Afrika davlatlari o‘rtasida savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik va logistika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, o‘zaro investitsiya va eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib olishdi. EABA — Afrikaning 20ga yaqin davlatida o‘z vakolatxonalarini ochgan yirik uyushma bo‘lib, uning faoliyati savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan.





