
Rekord darajada qimmatlagan oltin, Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zolik va 7,5 mln aholini kambag‘allikdan chiqarishni va’da qilayotgan Mirziyoyev — 17 sentyabr dayjesti
17.09.2025 | 22:309429
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga rasman a’zo bo‘ldi
O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni tegishli qarorni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, mamlakatga 777 777 aksiya ajratildi, shundan 168 411 tasi pul to‘lanadigan, qolgani esa talab bo‘yicha to‘lanadigan aksiya hisoblanadi. O‘zbekiston 2025 yilda 10 mln dollar, 2026 va 2027 yillarda esa har yili 79,2 mln dollardan to‘laydi. Umumiy hisobda 168,4 mln dollar yo‘naltiriladi.
A’zolik O‘zbekistonga mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish, yirik investitsiya va infratuzilma loyihalariga moliya jalb qilish imkonini beradi. Qaror ijrosi Bosh vazir Abdulla Aripov nazoratiga yuklatildi. Jamshid Xodjayev muxtor vakil, Xushnud Teshabayev uning o‘rinbosari etib belgilandi. Markaziy bank bankning milliy valyutadagi mablag‘ va aktivlari depozitariysi bo‘ladi.
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi rekord yangiladi
O‘zbekistonda oltin quymalar narxi yana rekord yangiladi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 17 sentyabr kuni bir gramm oltin 1 mln 510 ming so‘mdan oshib, 1 510 660 so‘mga yetdi. Bu joriy yilda 30-marta qayd etilgan rekord bo‘lib, yil boshidan beri oltin quymalar 38,3 foizga qimmatladi. Bozorda 5 grammli quymalar 7 mln 553 ming so‘mdan sotilmoqda.
Oltin quymalar 2020 yildan turli o‘lchamlarda sotuvga chiqarilib, aholiga sarmoya va jamg‘arish imkoniyatlarini oshirib kelmoqda. Keyingi yillarda ular ishonchli sarmoya sifatida ko‘rilmoqda, ayniqsa 10 grammli quymalar eng talabgir turiga aylandi. 2023 yil sentyabrida o‘zbekistonliklar qo‘lidagi oltin quymalarning umumiy og‘irligi 255 kgga yetgani qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev AQSHga boradi
Shavkat Mirziyoyev AQSHga tashrif buyurib, BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etishi kutilmoqda. Anjuman 9–30 sentyabr kunlari Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadi. Dastlabki jadvalga ko‘ra, prezidentning nutqi 23 sentyabrda rejalashtirilgan. Mirziyoyev avval 2017 yilda BMTning 72-sessiyasida nutq so‘zlagan edi.
Yig‘ilishda 193 davlat yetakchilari global xavfsizlik, sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi va xalqaro moliya tizimi kabi masalalarni muhokama qiladi. Shu kuni AQSH prezidenti Donald Tramp ham nutq qilishi belgilangan. Mirziyoyev tashrif davomida O‘zbekistonning tashqi siyosiy yo‘nalishlari va mintaqaviy xavfsizlik borasidagi takliflarini bayon qilishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda to‘laqonli islomiy bank faoliyat ko‘rsatish mumkin. Deputatlar tegishli qonun loyihasini ma’qulladi
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi. Hujjat qabul qilinsa, foizsiz uy-joy kreditlari, sheriklikka asoslangan investitsiyalar va islomiy sug‘urta xizmatlari taklif etiladi. Markaziy bankda islomiy moliya kengashi tuzilib, litsenziya berish va standartlar belgilash vakolati beriladi. Shuningdek, murobaha, mushoraka, mudoraba, vakala va salam kabi operatsiyalarga ruxsat etilishi, banklarga savdo faoliyati bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilishi nazarda tutilgan.
Turdaliyevga ko‘ra, qonun qabul qilinishi uchun Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda bir nechta qonunlarga o‘zgartishlar kiritish zarur. Shu bilan birga, maxsus soliq rejimi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Hujjat aholi va tadbirkorlar uchun muqobil moliyaviy xizmatlar yo‘lini ochib, islomiy banklar, mikromoliya tashkilotlari va «islomiy darcha»larni tashkil etishga asos bo‘ladi. So‘rovnomaga ko‘ra, aholining 68 foizi va biznesning 60 foizi diniy sabab bilan an’anaviy bank xizmatidan voz kechmoqda.
«7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarildi» — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganda bo‘lib o‘tgan «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumida nutq so‘zlab, O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi islohotlar natijasini bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, izchil choralar orqali 7,5 million kishi kambag‘allikdan chiqarildi, 2024 yilda daraja 8,9 foizga tushirildi va yil yakuniga qadar 6 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan. Prezident inson huquqini himoya qilish, ish o‘rinlari yaratish va turmush sharoitini yaxshilash ustuvor vazifalardan biriga aylanganini ta’kidladi.
Mirziyoyev global beqarorlik, iqlim o‘zgarishi va pandemiyalar ta’siri ortib borayotgan sharoitda milliy siyosat doimiy ravishda islohotlarga asoslanganini qayd etdi. Yangi Konstitutsiyada pensiya va nafaqalar eng kam iste’mol xarajatidan kam bo‘lmasligi belgilandi. Shuningdek, ijtimoiy daftarlar, manzilli yordam tizimi va xalqaro hamkorlikdagi dasturlar orqali millionlab odamlar qiyin ahvoldan chiqarildi.





