add

Respublika onkologiya markaziga turkiyalik rahbar tayinlandi

20.09.2025 | 10:3026583

O‘zbekiston Respublikasi onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga turkiyalik mutaxassis Sedat Kaya rahbar etib tayinlandi. Avval u Turkiyaning Sakariya viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Respublika onkologiya markaziga turkiyalik rahbar tayinlandi
Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovning tegishli buyrug‘i bilan turkiyalik mutaxassis Sedat Kaya Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga direktor etib tayinlandi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi. Sedat Kaya Anqara universiteti tibbiyot fakultetini tugatgan, Onadolu va Otaturk universitetlarida boshqaruv yo‘nalishida tahsil olgan hamda Sakariya universitetida sog‘liqni saqlashni boshqarish magistri darajasini olgan. U 2011 yildan 2018 yilga qadar Sakariya universiteti klinik shifoxonasi va davlat shifoxonalarida rahbar lavozimlarida ishlagan. Keyinchalik u Sakariya viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi vitse-prezidenti va boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan. Yangi rahbarga O‘zbekistonda onkologiya xizmatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish, eng so‘nggi tashxis va davolash usullarini joriy etish, skrining qamrovini kengaytirish, sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish vazifasi yuklatildi. Shu bilan birga tibbiy turizmni rivojlantirish va yosh kadrlar salohiyatini oshirish ham maqsad qilingan. Ma’lumot uchun, markazning avvalgi rahbari Mirzag‘olib Tillashayxov edi. Eslatib o‘tamiz, 19 sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishida milliy ixtisoslashtirilgan klinikalarni isloh qilish va ularga professional menejerlarni jalb qilish masalasi muhokama qilingandi. Shuningdek, o‘tgan yilda O‘zbekistonga tibbiy sug‘urta, farmatsevtika va shoshilinch tibbiy yordam yo‘nalishlarini isloh qilish uchun yetti nafar turkiyalik mutaxassis taklif qilingandi.

Teglar

Mavzuga oid