add

RF Markaziy banki biznes bosimi ta’siri ostida asosiy stavkani 18 foizga tushirdi

25.07.2025 | 17:2021644

Rossiya Markaziy banki asosiy foiz stavkasini 20 foizdan 18 foizga pasaytirdi. Bu so‘nggi bir yildagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Qaror iqtisodiyotdagi keskin sekinlashuv va biznes doiralari, jumladan, yirik tadbirkorlarning bosimi ortidan qabul qilindi.

RF Markaziy banki biznes bosimi ta’siri ostida asosiy stavkani 18 foizga tushirdi
Markaziy bank bu qarorini inflyatsion bosimning kutilganidan tezroq pasayishi va ichki iqtisodiyotdagi «qizib ketish» holati bosilishi bilan izohladi. Shu bilan birga, yillik inflyatsiya bo‘yicha prognoz ham yangilandi: avvalgi 7–8 foiz o‘rniga, endi 6–7 foiz darajasida baholanmoqda. Shuningdek, bank kelgusidagi qarorlar inflyatsiyaning barqaror tushishi va aholi inflyatsion kutilmalariga qarab belgilanishini bildirdi. Bu esa siyosatda ehtiyotkorlik saqlanishini anglatadi. Qaror olish oldidan iqtisodchilar stavkaning 1–3 foizga pasayishini taxmin qilishgan, Markaziy bank esa o‘rta yo‘l — 2 foizli «murosa yo‘li»ni tanladi. RF MB ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil II choragida inflyatsiya darajasi 4,8 foizga tushdi (I chorakda — 8,2 foiz), asosiy inflyatsiya esa 4,5 foizgacha pasaygan. Ammo inflyatsion kutilmalar hali ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Regulyator bu holat inflyatsiyani barqaror tushirishga to‘sqinlik qilishi mumkinligini tan oldi. Bank shuningdek, mehnat bozoridagi keskinlik ham bosilayotganini qayd etdi. Kadrlar yetishmovchiligi kamaymoqda, ishchi kuch boshqa tarmoqlarga ko‘chmoqda, ish haqlari o‘sishi esa sekinlashgan. Biroq ish haqi o‘sishi hali ham mehnat unumdorligidan yuqori bo‘lib qolmoqda — bu esa inflyatsiya xavfini saqlab qolmoqda. Boshqa xavflar qatorida — davlat byudjeti xarajatlari, neft narxlarining pasayishi va geosiyosiy xatarlar tilga olingan. Markaziy bank hozircha hukumatning rasmiy parametrlariga tayanayotganini aytdi, biroq ular o‘zgarsa, siyosat ham qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, Markaziy bankning fikricha, uning qat’iy monetar siyosati iqtisodiyotni ortiqcha sovutish xavfiga ega bo‘lsa-da, bu dezinflyatsion omillar orasida yagona hisoblanadi. Yakunlovchi prognozga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti 2025 yil yakunida 1–2 foiz o‘sishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid