add

Rim papasi Lev XIV sun’iy intellektning nazoratsiz rivojlanish xavfidan ogohlantirdi

04.06.2025 | 18:202776

Katolik cherkovining yangi yetakchisi, AQSHlik va matematika fanlari bo‘yicha ma’lumotga ega Papa Leo XIV, sun’iy intellekt orqali inson qadri, adolat va mehnatga tahdid solishi mumkin bo‘lgan jarayonlarga qarshi chiqmoqda.

Rim papasi Lev XIV sun’iy intellektning nazoratsiz rivojlanish xavfidan ogohlantirdi
2025 yilda lavozimga kelgan Rim papasi Lev XIV sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining nazoratdan chiqishiga qarshi kurashni o‘z pontifikatining asosiy yo‘nalishi sifatida tanladi. Uning ta’kidlashicha, SI inson sha’ni, mehnat va adolat uchun jiddiy tahdid solishi mumkin. Papa kardinallar oldidagi ilk nutqida ushbu xavflarga alohida urg‘u berdi. U ikki kundan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda texnologiyalarning «beqiyos salohiyati»ni tan olgan holda, ular faqat umumiy yaxshilik uchun mas’uliyat bilan ishlatilishi lozimligini qayd etdi. Lev XIV — AQSHdan saylangan birinchi papa va matematika fanidan tahsil olgan vatikan rahbari. U o‘z nomini, sanoat inqilobi davrida ishchilar huquqlarini himoya qilgan Papa Lev XIII sharafiga olgani bejiz emas, deyiladi Vatikan rasmiy izohida. Fransiskan ro‘honiysi va Vatikandagi SI axloqi bo‘yicha maslahatchi Paolo Benantiga ko‘ra, cherkovning bu sohadagi ishtiroki tabiiy: «Cherkov osmonga qarashni, lekin zaminda yurishni o‘rgatadi. SI inson huquqlari va qadr-qimmatini buzishi mumkin, ayniqsa past malakali ishchilarga ta’siri og‘ir bo‘ladi». SI sohasida yetakchi mutaxassislar, xususan Ilon Mask kabi tadbirkorlar ham bu texnologiyani nazoratsiz rivojlantirish insoniyat uchun xavfli ekanligini ta’kidlab kelishmoqda. Vatikan SI bo‘yicha o‘z faoliyatini Papa Fransisk davrida boshlagan. 2020 yilda IBM va Cisco kabi kompaniyalar bilan birga «Rim axloqiy chaqiruvi»ga imzo chekkan. Joriy yil boshida esa Vatikan rasmiy bayonotida SI insonni o‘ziga qaram qilishi mumkinligidan ogohlantirgan. AQSH prezidenti Donald Tramp SI sohasidagi xavfsizlik qoidalarini bekor qilib, yarim trln dollarlik yangi loyihalarni boshlagan bir paytda, Vatikan ushbu jarayonga demokratik yechimlar taklif qilishga tayyor. Yevropa Ittifoqi ham axloqiy cheklovlar o‘rniga raqobatbardoshlikka urg‘u bermoqda. Lev XIV Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni bilan ilk suhbatida «insonparvar va axloqiy SI rivoji»ni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi. Undan avval, Fransisk G7 sammitida ham ushbu masalani ko‘targan edi. Benantining fikricha, Vatikan o‘z global ta’sir doirasi orqali kambag‘al mamlakatlarda SI’ga nisbatan teng huquqli yondashuvni targ‘ib qilishi mumkin. Chunki SI texnologiyalari hozircha boy davlatlar va IT gigantlar qo‘lida jamlangan. Bir hafta oldin Papa Lev XIV nomi bilan Afrika yetakchisi Ibrohim Traorega bag‘ishlangan «targ‘ibiy» videorolik tarqaldi. Vatikan buni soxta kontent, ya’ni deepfake deb atadi. Bu ham SI bilan bog‘liq axloqiy muammolarni yaqqol namoyon etdi.

Teglar

Mavzuga oid