
Rizo Pahlaviy Isroil hujumidan so‘ng Erondagi rejimni ag‘darmoqchi
13.06.2025 | 14:0046543
Eronning so‘nggi shohi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li — muxojiratdagi muxolifat yetakchisi Rizo Pahlaviy Isroilning Eronga qarshi havo hujumidan so‘ng, oyatullohlar rejimiga qarshi chiqib, xalqni harakatga chaqirdi. Bu haqda u 13 iyun kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida ma’lum qildi.

«Erondagi davom etayotgan inqirozga yagona yechim — bu rejimni ag‘darishga yordam berishdir. Islom respublikasi Eronni va butun dunyoni garovga olgan. U mamlakat boyliklarini o‘z xalq manfaati uchun emas, balki yashirin yadro dasturi va urushga tayyorgarlik uchun sovurdi», — deb yozadi Pahlaviy.Uning ta’kidlashicha, Oyatulloh Xomanaiy va uning atrofidagilar YAQTSH (Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma)dan chiqish bilan tahdid qilish orqali xalqaro hamjamiyatni yana bir bor o‘zlariga ishonib bo‘lmasligini isbotlashmoqda. Rizo Pahlaviy bu rejim bilan muzokaralar o‘tkazish befoyda ekanini ta’kidladi. U Eron xalqi — tinch hamkorlik va urushsiz kelajak sari intiluvchi haqiqiy alternativ kuch ekanini aytdi. Shu bois, u xalqaro hamjamiyatni Islam respublikasiga nisbatan maksimal bosim qo‘llash, sanksiyalar va siyosiy izolyatsiyani kuchaytirish, shuningdek, «rejimning eng katta dushmani — Eron xalqi»ni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Pahlaviyning ushbu bayonoti Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik yanada avj olayotgan paytda yangradi. U bir necha yildan buyon Eronda demokratik islohotlar va ayanchli teokratik tuzumdan voz kechishni talab qilib keladi.





