
«Rosatom» O‘zbekistonda «atom klasteri»ni tashkil etishni taklif qildi
«Rosatom» rahbari Aleksey Lixachyovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda atom tibbiyoti va radiologiyani rivojlantiruvchi yaxlit «atom klasteri» barpo etish taklif qilinmoqda.

«Rosatom» O‘zbekiston hukumatiga bo‘lg‘usi atom elektr stansiyasi (AES) negizida «atom klasteri»ni tashkil etish taklifini ilgari surdi. Bu haqda davlat korporatsiyasi rahbari Aleksey Lixachyov «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida so‘zlab berdi.
«Biz o‘ziga xos yangilikka qo‘l urib, O‘zbekiston rahbariyatiga shunchaki stansiya qoshidagi shaharchani emas, balki yaxlit «atom klasteri»ni yaratishni taklif qildik», - dedi Lixachyov.
Uning aniqlik kiritishicha, mazkur loyiha nafaqat atom energetikasini, balki qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va materialshunoslik manfaatlari yo‘lidagi atom tibbiyoti hamda «radiologik kompetensiyalar»ni ham qamrab oladi. «Rosatom» rahbari ushbu jarayonga Rossiyaning yetakchi ilmiy muassasasi — Kurchatov instituti jalb etilishini qo‘shimcha qildi.
«Atom klasteri»ni yaratishda «Kurchatov instituti» ilmiy-tadqiqot markazi ishtirok etadi. Loyiha «nafaqat atom energetikasini, balki atom tibbiyotini, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash manfaatlari yo‘lida radiologik vakolatlarni ham» o‘z ichiga oladi», - dedi «Rosatom» rahbari.
Rossiya va O‘zbekiston AES qurish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi
2024 yil may oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hududida kichik quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishga imkon beruvchi bitimni imzolagandi.
O‘sha yilning iyun oyida esa O‘zbekistonning «O‘zatom» agentligi va «Rosatom» korporatsiyasi respublikada olti blokdan iborat kichik quvvatli AES qurish to‘g‘risidagi shartnomaning kuchga kirishi haqidagi protokolga muhr bosishdi.
Lixachyovning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yilning oktabr oyida birinchi kichik quvvatli energoblok uchun kotlovan qazish ishlari boshlangan. Joriy yilda esa yadro oroli binolarining poydevor plitasiga ilk beton quyish bosqichiga o‘tish rejalashtirilmoqda.
«Bu yilgi asosiy vazifa - yadroviy oroldagi binolarning poydevor plitasi asosiga beton quyishga o‘tish. Muddatlarga rioya qilish muhimligini inobatga olgan holda, biz shu yilning bahorida beton tayyorlash ishlarini boshlashga harakat qilmoqdamiz», - dedi Lixachyov.





