add

Rossiya 14 ming km masofaga ucha oladigan «Burevestnik» raketasini sinab ko‘rdi

Vladimir Putin yadroviy dvigatel bilan jihozlangan «Burevestnik» qanotli raketa sinovi muvaffaqiyatli yakunlanganini bildirdi. Raketa 15 soatda 14 ming km masofani bosib o‘tgan.

Rossiya 14 ming km masofaga ucha oladigan «Burevestnik» raketasini sinab ko‘rdi

Vladimir Putin yadroviy dvigatel bilan jihozlangan «Burevestnik» qanotli raketa sinovi muvaffaqiyatli yakunlanganini bildirdi. Raketa 15 soatda 14 ming km masofani bosib o‘tgan.

Rossiya 21 oktyabr kuni yadroviy dvigatelga ega «Burevestnik» qanotli raketa sinovini amalga oshirdi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Bosh shtab raisi Valeriy Gerasimov ma’lum qildi, deb xabar berdi Kreml.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Putin Ukrainadagi qo‘shinlar bilan bog‘liq vaziyat muhokama qilingan yig‘ilishda ishtirok etdi va sinov haqida to‘liq axborot oldi. Prezident Gerasimovdan «Burevestnik» raketasi bo‘yicha alohida ma’lumot berishni so‘ragan.

«Bu dunyoda hech kimda yo‘q bo‘lgan noyob qurol. Avval bu loyiha amalga oshmas deb hisoblangan edi, ammo hal qiluvchi sinovlar yakunlandi. Endi uni qo‘shinlarga joriy etish bo‘yicha ish boshlanadi», — dedi Putin. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Burevestnik»ni joriy etish uchun qo‘shimcha infratuzilma tayyorlanishi kerak.

Gerasimov ma’lumoticha, sinov 21 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan va raketa taxminan 15 soat parvoz qilib, 14 ming km masofani bosib o‘tgan. «Bu hali yakuniy chegara emas», — degan RF QK Bosh shtabi rahbari. Uning ta’kidlashicha, «Burevestnik» yuqori aniqlikdagi zarba berish qobiliyatiga ega bo‘lib, havo va raketa mudofaa tizimlarini aylanib o‘ta oladi.

Putin bu yangilikni Rossiya strategik hujumchi kuchlari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlardan so‘ng ma’lum qildi. U mashg‘ulotlar doirasida «Yars», «Sineva» va X-102 raketalari uchirilganini bildirdi.

«Burevestnik» (SSC-X-9 Skyfall) — Rossiyaning yadroviy dvigatel bilan jihozlangan mejkontinental qanotli raketasi bo‘lib, AQSH mutaxassislari uni radioaktiv xavf sabab «uchuvchi Chernobil» deb atashadi. Loyiha 2018 yilda boshlangan, ammo Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 13 ta sinovdan faqat ikkitasi qisman muvaffaqiyatli bo‘lgan.

2019 yilda Arxangelsk oblastidagi Nenoksa poligonida raketa dvigateli sinovi paytida portlash sodir bo‘lgan. 2023 yil oktyabr oyida Putin Arktikadagi muvaffaqiyatli sinov haqida ma’lum qilgan va shundan so‘ng Rossiya yadroviy sinovlarni to‘liq taqiqlash to‘g‘risidagi shartnomadan chiqish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.

Reuters va Barents Observer xabarlariga ko‘ra, avgust oyida Moskva Tramp bilan Alyaskadagi uchrashuv arafasida «Burevestnik» sinovlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya 14 ming km masofaga ucha oladigan «Burevestnik» raketasini sinab ko‘rdi | Vaqt.uz