
Rossiya 2026 yilda Milliy farovonlik jamg‘armasisiz qolishi mumkin
09.06.2025 | 21:4032745
Agar neft narxi past darajada saqlansa va rubl mustahkam bo‘lib qolsa, Rossiya 2026 yilga kelib Milliy farovonlik jamg‘armasidagi (MFJ) likvid aktivlardan butunlay mahrum bo‘lishi mumkin.

Bu haqda Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akalemiyasi (RANXiGS) va Gaydar instituti iqtisodchilari 2025 yilgi federal byudjet ijrosiga bag‘ishlangan hisobotda qayd etgan. The Moscow Times ushbu tahlilga tayanib ma’lumot tarqatdi.
1 iyun holatiga ko‘ra, MFJda faqat 2,8 trln rubl saqlanib qolgan — bu 2019 yildan beri eng past ko‘rsatkichdir. 2022–2024 yillar oralig‘ida jamg‘armaning hajmi ikki baravarga kamaygan bo‘lsa, dollarda uch baravarga pasaygan (113,5 mlrd dollardan 37,4 mlrdgacha). Faqat 2025 yilning may oyidayoq Moliya vazirligi jamg‘arma hisobidan 35,9 mlrd rubl byudjet tanqisligini qoplash uchun, 532 mlrd rubl esa davlat korporatsiyalari va mega-loyihalarni moliyalashtirish uchun sarflagan.
Jumladan, 300 mlrd rubl «Moskva – Sankt-Peterburg» VSM loyihasiga, 6,5 mlrd rubl davlat lizing kompaniyasiga samolyot xarid qilish uchun, 1 mlrd rubl esa VEB orqali Sankt-Peterburg metropoliteni uchun poyezdlar sotib olishga yo‘naltirilgan. Yana 50 mlrd rublcha mablag‘ sirli loyihalarga ajratilgan.
Natijada, jamg‘armada faqat 153,7 mlrd yuanlik valyuta aktivlari qolgan — bu 2008 yilda MFJ tuzilganidan beri eng kam daraja hisoblanadi. Jamg‘armadagi oltin zaxiralari ham 400 tonnadon 139,5 tonnagacha tushib ketgan.
Iqtisodchilarga ko‘ra, hozircha jamg‘armadagi qoldiq mablag‘lar neft-gaz daromadlaridagi yetishmovchilikni qisman qoplamoqda. Biroq agar neft narxi tushaversa va rubl mustahkam bo‘lib qolsa, ushbu zaxira bir yil ichida tamom bo‘lishi mumkin.
Moliya vazirligi joriy yilda MFJni qayta to‘ldirishni rejalashtirgan edi. Biroq Urals navli neft narxi byudjetda belgilangan 69,7 dollar o‘rniga barreliga 52 dollargacha tushishi oqibatida xarajatlar va daromadlar qayta ko‘rib chiqilmoqda. Endi neft-gazdan keladigan yillik daromad 10,9 trln emas, 8,3 trln rubl atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois jamg‘armadan yana 447 mlrd rubl sarflanishi rejalashtirilmoqda.
Moliya vazirligi MFJni asrash uchun 2026 yilda byudjet xarajatlarini 1,5–1,6 trln rublga, ya’ni YAIMning 0,7 foiziga teng miqdorda qisqartirishni ko‘rib chiqmoqda. Byudjet qoidasi doirasida neft narxi bo‘yicha «yuqori planka»ni 60 dollardan 50 dollarga tushirish ham mumkin.
Shu bilan birga, rublni arzonlashtirish orqali byudjetni qoplash imkoniyati ham mavjud, lekin bu inflyatsiyani kuchaytirish xavfini tug‘diradi. Korxonalar foydasi 34 foizga kamaygani tufayli daromad solig‘i rejasi (4 trln rubl) ham so‘roq ostida qolmoqda.





