
Rossiya 900 dan ortiq o‘zbekistonlikni noqonuniy ravishda urushga jalb qilgan
31.07.2025 | 11:309663
2025 yil davomida kamida 902 nafar O‘zbekiston fuqarosi Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi urushga jalb qilingan. Ulardan ayrimlari asirga tushgan, ayrimlari tan jarohati olgan. O‘zbekiston hozirda chet ellik harbiy asirlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi.

Rossiya hududida yuritilayotgan yopiq harbiy xizmatga yollash jarayonlariga oid ma’lumotlar ortib bormoqda. Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida jang qilish uchun 2025 yilning o‘zida kamida 902 nafar O‘zbekiston fuqarosi jalb etilgani aniqlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu shaxslar shartnoma asosida harbiy xizmatga olingan bo‘lsa-da, ularning ko‘pchiligi bu qarorni ishsizlik, aldov yoki majburiy vaziyatlar tufayli qabul qilgan. Ayni paytda Ukraina hududida janglar vaqtida asirga tushgan chet elliklar soni bo‘yicha O‘zbekiston birinchi o‘rinda turibdi — ukrain rasmiylariga ko‘ra, bugungi kunda 33 davlat fuqarosi asirlikda, ular orasida eng ko‘pi o‘zbekistonliklarni tashkil etadi.
Jurnalistik tekshiruvlarga ko‘ra, 2025 yil 5 iyun kuni Qursk viloyatidagi “Postoyalыye Dvorы” poligonida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasining yopiq tashrifi bo‘lib o‘tgan. Bu hodisa rasmiy manbalar tomonidan izohlanmagan.
Moskvadagi o‘zbekistonlik yollanma jangchilardan biri – aralash jang san’ati bilan professional tarzda shug‘ullangan sportchi yigit armanlar taklifi bilan jang o‘tkazish maqsadida Moskva shahriga borgan. Ammo u kutilmagan muammolar tufayli haqiqiy jangga, ya’ni urushga borishga majbur bo‘lgan. Luganskdagi jangda bir ko‘zidan ayrilgan yigit sudda tiklanish ta’tilida O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga borganini, biroq ular yordam bermaganini aytgan.
Mutassaddilar bu holatga nisbatan hozircha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.





