
Rossiya banklari foyda kamayishi fonida jiddiy stressga tayyorlanmoqda
25.08.2025 | 19:2018005
Rossiya Markaziy banki 2025 yilda banklar moliyaviy holatining yanada yomonlashishi ehtimoliga qarshi maxsus choralar rejasini ishlab chiqmoqda.

«Interfaks» xabariga ko‘ra, stress holatga tushgan banklarga nisbatan rahbariyat bonuslariga cheklovlar joriy qilinishi mumkin. Shuningdek, moliyaviy holati yomonlashgan banklar rahbarlaridan avval olingan mukofotlarni qaytarish (clawback) talab qilinishi ham ko‘zda tutilmoqda. Bu choralar bank menejmentini moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda shaxsan manfaatdor qilishga qaratilgan.
Hozircha Rossiya bank sektori yilning birinchi yarmida 1,7 trln rubl foyda ko‘rsatgan. Biroq, mamlakatdagi eng yirik 100 ta bankning qariyb yarmida foyda kamaygan yoki zararlar oshib borayotgani kuzatilmoqda. Jumladan, «Sovkombank» foydasi 86 foizga, «T-bank» foydasi 56 foizga tushgan. «Gazprombank» va «Rosselxozbank» 40 foiz atrofida foyda yo‘qotgan. «Pochta Bank», «Zenit», «Russkiy standart», «Renessans Kredit», «Solidarnost» va «Sinara» kabi banklar esa mutlaq zararda qolmoqda.
Ayrim banklar, jumladan VTB foyda qisqarishi bilan birga kredit portfelidagi muammolar bilan ham yuzma-yuz keldi. Jismoniy shaxslar kreditlari bo‘yicha kechiktirilgan to‘lovlar 30 foizga, yuridik shaxslarniki esa 1,5 barobarga oshgan.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, muammolarning asosiy sababi — urushni moliyalashtirish. Rossiyada banklar mudofaa sanoati korxonalariga imtiyozli kreditlar ajratmoqda, ammo bu korxonalar o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajara olmayapti. Shu bilan birga, foiz stavkalarining keskin o‘sishi kompaniyalarni qarz to‘lash qobiliyatidan mahrum qilmoqda.
Rossiyadagi katta kompaniyalarning ko‘pchiligi hozirda qarz bo‘yicha defolt arafasida turibdi, deb ogohlantirgan RSPP (Rossiya san’atchilar va tadbirkorlar ittifoqi) rahbari Aleksandr Shoxin. VTB rahbari Andrey Kostin esa Peterburg forumida bu kompaniyalar faqat foiz to‘lash uchun yana qarz olishga majbur ekanini aytgan.
Bloomberg so‘zlariga ko‘ra, kelgusi bir yil ichida Rossiyada to‘liq bank inqirozi yuz berishi mumkin. Ayrim banklarni davlat tomonidan kapital qo‘shish yo‘li bilan qutqarish talab qilinishi mumkin.
Markaziy bank rasmiy hisobotlarida bu xavfning haqiqiy ko‘lami to‘liq aks etmayapti. Chunki qarz oluvchilar to‘lovlarni kechiktirmoqda, lekin ular hozircha rasman muammoli deb tan olinmagan.
Putin va Tramp o‘rtasida Ukraina masalasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishuv ham bank sektori uchun xavfli deb baholanmoqda. Urush tugasa — mudofaa korxonalarida to‘lov uchun mablag‘ bo‘lmaydi, urush davom etadigan bo‘lsa — yangi sanksiyalar iqtisodni yanada og‘irlashtirishi mumkin.





