add

Rossiya Davlat dumasi Telegram va WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tishni bloklashni ma’qulladi

Bugun 11:251522

Duma qo‘mitasi Telegram va WhatsApp’da SMS orqali ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlashni «zamon talabi» deb atadi. Deputatlar bu chora davlat messenjeri Max’ning rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Rossiya Davlat dumasi Telegram va WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tishni bloklashni ma’qulladi

Rossiya Davlat dumasi axborot siyosati bo‘yicha qo‘mitasi Telegram va WhatsApp messenjerlarida ro‘yxatdan o‘tish uchun SMS va qo‘ng‘iroqlarni bloklashni qo‘llab-quvvatladi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Aleksandr Yushchenko bu qarorni «to‘g‘ri va zamon talabiga mos», deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora Rossiyaning davlat messenjeri Max platformasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan.

«Bu cheklov foydalanuvchilarga jiddiy ta’sir qilmaydi. Bu, aksincha, ichki raqamli mahsulotni rivojlantirishga yordam beradi», — dedi Yushchenko «Pod’yom» nashriga bergan izohida. U shunday qo‘shimcha ham qildi: «Kim WhatsApp yoki Telegram’dan foydalanishni xohlagan bo‘lsa, allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan. Qolganlar esa Max’ga o‘tishi mumkin — bu mutlaqo odatiy jarayon».

Yushchenko, shuningdek, bu cheklovni qonun darajasida mustahkamlash «mantiqan to‘g‘ri bo‘lishi»ni ta’kidladi. Unga ko‘ra, davlatning maqsadi — xorijiy messenjerlar faoliyatini qiyinlashtirish va milliy raqamli infratuzilmaga ustuvorlik berish.

Axborot qo‘mitasi rahbarining o‘rinbosari Oleg Matveychev ham WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlash tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, kompaniya Rossiya qonunlariga bo‘ysunib ish tutmayotgani sababli uning faoliyati cheklanishi kerak. Matveychev WhatsApp’ni «qonunbuzar migrant»ga qiyoslab, «bunday holatda deportatsiya zarur», degan tashbehni keltirdi.

Avvalroq «Kod Durova» internet-nashri tomonidan Rossiya telekom bozoridagi manbalarga tayanib, ayrim mobil operatorlar Telegram va WhatsApp uchun SMS va qo‘ng‘iroqlar orqali ro‘yxatdan o‘tish kodlarini bloklay boshlaganini xabar qilingan edi.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya Davlat dumasi Telegram va WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tishni bloklashni ma’qulladi | Vaqt.uz