add

Rossiya diplomatlari josuslik faoliyati bilan shug‘ullanmoqdami?

07.10.2025 | 21:201493

Yevropa Ittifoqi Rossiya diplomatlarining ittifoq hududida erkin yurishini taqiqlovchi yangi choralarni qabul qilmoqchi.

Rossiya diplomatlari josuslik faoliyati bilan shug‘ullanmoqdami?
Financial Times nashri yozishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari 19-sanksiyalar paketi doirasida Rossiya diplomatlarining ittifoq hududida erkin harakatlanishini cheklash bo‘yicha kelishuvga kelgan. Mazkur tashabbus Chexiya tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, unga ko‘ra Yevropa mamlakatlarida xizmat qilayotgan Rossiya diplomatlari qabul qiluvchi davlat chegarasini kesib o‘tishdan oldin boshqa mamlakat hukumatlarini o‘z sayohat rejalari haqida oldindan xabardor qilishi shart bo‘ladi. Dastlab bu taklifga Vengriya qarshi chiqqan edi, ammo keyinchalik u ham o‘z vetosini qaytarib oldi. Shu bilan YeIning barcha a’zolari ushbu choralarni sanksiyalar paketidan joylashga rozilik bildirgan. Yevropa razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya diplomatik maqomi ostida faoliyat yurituvchi ayrim shaxslar amalda «josuslik faoliyati» bilan shug‘ullanadi va ko‘pincha boshqa mamlakatlardagi operatsiyalar yoki aktivlarni boshqaradi. «Ular bir joyda turib, boshqa joyda ish olib boradi. Ammo chegarani kesib o‘tganda ularni kuzatish ancha qiyinlashadi», — degan Yevropa Ittifoqining yuqori martabali diplomati. Chexiya tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy ham bu chora «Vena konvensiyasi doirasidagi o‘zaro prinsiplarga mos ravishda amalga oshirilishi lozimligini» ta’kidlagan. Uning fikricha, «Rossiya uchun Shengen yo‘q, shuning uchun Ispaniyada akkreditatsiya qilingan diplomatning istagan vaqtda Pragaga kelishini ma’qullash mantiqan to‘g‘ri emas». Chexiya bundan avval ham Rossiya diplomatlarining YeI hududida harakatini cheklashni taklif qilgan va bu masalani yozdagi sanksiyalar muhokamasiga kiritgan edi.

Teglar

Mavzuga oid