Rossiya Eronga qurol yetkazib berish bo‘yicha maxfiy bitim tuzgani aytilmoqda
Bitim AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan vaqtda ma’lum bo‘ldi.

Rossiya va Eron qiymati deyarli 500 mln yevro bo‘lgan minglab zamonaviy ko‘chma raketa majmualarini yetkazib berish bo‘yicha maxfiy bitim imzoladi. Bu haqda «Bild» nashri xabar berdi.
Nashrning «Financial Times» gazetasiga tayanib xabar berishicha, hali dekabr oyida Moskva va Tehron Rossiya Eronga umumiy qiymati 495 mln yevro bo‘lgan 2500 ta 9K333 Verba tipidagi raketalar, shuningdek 500 ta uchirish qurilmasini yetkazib berishi borasida kelishib olgan.
Qayd etilishicha, Rossiya yetkazib berishni 2027 yildan 2029 yilgacha uch bosqichda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Biroq ushbu tizimlarning biroz qismi Eronga yetkazib bo‘lingan bo‘lishi mumkin.
«Tungi bolg‘a» operatsiyasi
Materialda aytilishicha, Tehron raketalar yetkazib berilishini Rossiyadan o‘tgan yilning iyun oyidagi Isroil-Eron nizosidan bir necha kun o‘tib so‘ragan.
O‘n ikki kunlik urush vaqtida Isroil va AQSH Eronning harbiy obyektlari va yadroviy inshootlariga aviazarbalar bergan edi. O‘shanda Eron havo hujumidan mudofaa tizimlari jiddiy shikastlangan.
Bundan tashqari, Rossiya jangovar vertolyotlar yetkazib bermoqchi. Yanvar oyida Eron oltitagacha Rossiyaning Mi-28 vertolyotlarini qabul qilib oldi va xabarlarga ko‘ra, ulardan birini shu oyda Tehronda ishlatgan.
Bitim AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchayib borayotgan vaqtda ma’lum bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 20-fevral kuni Vashingtondagi Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida so‘zga chiqqan Donald Tramp 10 kun ichida «dunyo Eron bilan nima bo‘lishini bilib oladi», deb bayonot berdi.
Avvalroq Yaqin Sharqda bo‘lib turgan AQSH harbiylari Trampga zarba berishga to‘liq tayyor ekani haqida hisobot bergan edi.
Bungacha esa Isroilda Eron bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rilayotgani xabar qilingandi. U yerda agar AQSH Eronga zarba bersa, Eron javoban Isroilga zarba berishini taxmin qilishmoqda.
Shu bilan birga, Rossiya TIV agar AQSH baribir Eronga zarba bersa, «yadroviy hodisa xavfi» borligini ma’lum qildi.
Navbatdagi hujum tahdidi
Tramp navbatdagi hujum 2025 yil yozidagi «Tungi bolg‘a» (Operation Midnight Hammer) operatsiyasidan ham kuchliroq bo‘lishi bilan tahdid qildi.
«Men Eronga avval ham aytganman: kelishuv tuzing. Ular buni qilishmadi va natijada Eronning keng ko‘lamli vayron etilishiga sabab bo‘lgan «Tungi bolg‘a» operatsiyasi amalga oshirildi. Navbatdagi hujum bundan ham battar bo‘ladi! Buning yana takrorlanishiga yo‘l qo‘ymang», — deya ogohlantirdi AQSH prezidenti.
Avvalroq Bi-bi-si rus xizmati Fors ko‘rfazi mintaqasiga, Eron qirg‘oqlariga Amerika aviatashuvchilar guruhi yetib kelgani haqida xabar bergan edi.
Bunga qadar eronlik deputat, agar Eronga qarshi harbiy kuch ishlatilsa, amerikalik harbiylarni o‘z oilalari bilan xayrlashib qo‘yishga chaqirgandi. Ta’kidlash joizki, Yaqin Sharqdagi kuchayib borayotgan keskinlik sabab Qozog‘iston o‘z aviakompaniyalariga Eron ustidan uchishni taqiqlab qo‘ygan.





