add

Rossiya gazining Yevropaga eksporti yarim asrlik minimumga tushdi

Bugun 10:002 daqiqa

2025 yilda Rossiyaning Yevropaga quvur orqali gaz eksporti keskin qisqarib, hajm jihatidan 1970-yillar boshida qayd etilgan darajaga tenglashdi.

Rossiya gazining Yevropaga eksporti yarim asrlik minimumga tushdi

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Rossiyaning Yevropaga quvur orqali gaz eksporti 44 foizga qisqarib, so‘nggi yarim asrdagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu haqda Reuters Yevropa gaz transport operatorlari birlashmasi — ENTSOG ma’lumotlari asosida hisob-kitob qilgan.

Agentlikka ko‘ra, 2025 yilda Rossiya Yevropaga bor-yo‘g‘i 18 mlrd metr kub quvur gazi yetkazib bergan. Bu ko‘rsatkich 1975 yildagi daraja (19,3 mlrd kub metr)dan ham past bo‘lib, eksport hajmi deyarli 1970-yillar boshiga qaytganini anglatadi. Ta’kidlanishicha, bundan past hajm faqat 1973 yilda — Sibirdan Yevropaga gaz yetkazib berish boshlangan ilk yilda qayd etilgan (6,8 mlrd kub metr).

Reuters bu pasayishni ikki asosiy omil bilan izohlaydi. Birinchisi — Ukraina orqali Rossiya gazini tranzit qilish bo‘yicha kelishuvning 2025 yil 1-yanvarda tugashi. Ikkinchisi — Yevropa Ittifoqining Rossiya yoqilg‘isiga qaramlikni bosqichma-bosqich qisqartirish siyosati.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018–2019 yillarda Rossiyaning Yevropaga gaz eksporti yillik 175–180 mlrd kub metrga yetgan edi. Hozir esa Yevropaga gaz faqat «Turk oqimi» orqali yetkazib berilmoqda. Ushbu quvur Turkiya orqali Serbiya, Vengriya va Slovakiyaga gaz olib o‘tadi. Yevropa uchun qolgan yagona tranzit yo‘nalish aynan shu hisoblanadi.

ENTSOG ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida «Turk oqimi» orqali Yevropaga gaz yetkazib berish kunlik o‘rtacha 56 mln metr kubni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan 12,9 foizga, noyabr oyiga nisbatan esa 3 foizga ko‘p. Shunga qaramay, yillik hisobda Yevropaga eksport hajmi faqat 7 foiz atrofida o‘sgan, xolos.

Reuters shuni ham eslatadiki, Rossiya Yevropaga quvur gazidan tashqari suyultirilgan tabiiy gaz (STG)ni ham tankerlar orqali yetkazib beradi. Hozirda Rossiya AQSHdan keyin Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib beruvchi ikkinchi yirik davlat hisoblanadi.

Shu bilan birga, dekabr oyi boshida Yevropa Ittifoqi kengashi va parlamenti Rossiya gazidan bosqichma-bosqich voz kechish bo‘yicha reglament loyihasi yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, Rossiyadan quvur gazi importi 2027 yil kuzidan, STG importi esa 2026 yil oxiridan to‘liq taqiqlanishi rejalashtirilgan. Qonun kuchga kirgach, mavjud shartnomalar uchun qisqa o‘tish davri saqlanib qoladi.

Moskva esa G‘arb sanksiyalarini noqonuniy deb hisoblab, Rossiya bilan savdoni to‘xtatish talablarini iqtisodiy bosim va asossiz tahdid sifatida baholab kelmoqda.

Teglar

Mavzuga oid