add

Rossiya Hindistondan yana 40 ming mehnat migrantini jalb qilmoqchi

Bugun 08:581782 daqiqa

Rossiya hukumati 2026-yilda Hindistondan kamida 40 ming mehnat migrantini olib kelishni rejalashtirib, kadrlar tanqisligini tashqi mehnat hisobidan qoplamoqchi.

Rossiya Hindistondan yana 40 ming mehnat migrantini jalb qilmoqchi

2026 yilda Rossiyaga kamida 40 ming nafar mehnat migranti Hindistondan kelishi kutilmoqda. Bu haqda Rossiya prezidentining barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Boris Titov ma’lum qildi, deb yozmoqda The Moscow Times. Uning ta’kidlashicha, aniq soni hozircha noma’lum, ammo rejalarda aynan Hindiston ishchi kuchi muhim o‘rin tutadi.

Titovning aytishicha, hindistonlik mutaxassislar Rossiya iqtisodiyotidagi jiddiy kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishda asosiy manbalardan biri sifatida qaralmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda Hindiston fuqarolariga Rossiyada ishlash uchun taxminan 8 ming ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 14 mingdan oshgan, 2024 yilda esa 36 mingtaga yetgan.

2025 yil uchun Rossiya hukumati vizali davlatlardan keladigan ishchilar uchun umumiy kvotani qariyb 235 ming ish o‘rni miqdorida belgilagan. Ushbu kvotaning taxminan 30 foizi — 71,8 ming o‘rin aynan Hindiston fuqarolari uchun ajratilgan. Bu Rossiya mehnat bozorida hindistonlik ishchilarga bo‘lgan ehtiyoj keskin oshganini ko‘rsatadi.

Kadrlar tanqisligi muammosi Rossiyada so‘nggi yillarda yanada kuchaydi. Iqtisodchilar fikricha, bu holat urush boshlanganidan keyin mehnat bozoridagi tarkibiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Oliy iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib Rossiya kompaniyalariga 2,6 mln nafar xodim yetishmagan. Rossiya mehnat vazirligi prognozida esa 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 3,1 mln nafarga yetishi mumkinligi aytilgan.

Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil avgust oyida Rossiyada ishsizlik darajasi 2,1 foizni tashkil etgan va bu tarixiy minimum hisoblanadi. Shu bilan birga, tahlilchilar mehnat resurslariga bo‘lgan talab hali ham taklifdan yuqori ekanini ta’kidlamoqda.

Muammoni hal etish uchun hukumat va biznes turli choralarni ishlab chiqmoqda. Jumladan, qo‘shimcha ish soatlarini oshirish, voyaga yetmaganlarni ishga jalb etish qoidalarini yumshatish va ishlayotgan pensionerlar uchun pensiya indeksatsiyasini tiklash taklif qilingan. Biroq asosiy e’tibor tashqi mehnat migratsiyasini kengaytirishga qaratilmoqda.

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Denis Manturov Rossiya Hindistondan «cheklanmagan miqdorda» mehnat migrantlarini qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqat qayta ishlash sanoatida kamida 800 ming ishchi, savdo sohasida esa 1,5 mln nafar xodim talab etiladi. Biznes doiralari esa Nepal, Viyetnam va Bangladeshdan ham ishchilar jalb qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Teglar

Mavzuga oid