
Rossiya Inson huquqlari kengashi rahbari metroda namoz o‘qilishidan shikoyat qildi
03.10.2025 | 18:4616475
«Metroda kimdir namoz o‘qisa yoki mikroavtobus haydovchisi namoz o‘qiy boshlasa, bu juda g‘alati», - deydi u.

Rossiya prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirish kengashi raisi Valeriy Fadeev mamlakatda mehnat muhojirlari «etnik anklavlar» hosil qilayotganidan shikoyat qildi. U bu haqda 2 oktyabr kuni Toshkentda MDH davlatlaridagi migratsiya siyosatiga bag‘ishlangan davra suhbatida gapirdi.
Fadeevga ko‘ra, ko‘pincha «etnik anklavlar»da Toshkent ziyolilari emas, balki «olisdagi qishloqlarga xos turmush tarzi»ni yurituvchi odamlar istiqomat qiladi.
«Ijtimoiy taranglik shu yerda paydo bo‘ladi. Gap madaniyat, til va o‘zaro munosabatlar masalasi haqida ketmoqda. Metroda kimdir namoz o‘qisa yoki mikroavtobus haydovchisi namoz o‘qiy boshlasa, bu juda g‘alati», - deydi u.
Fadeev namozga qarshi emasligini, lekin uning fikricha, jamoat joylarida namoz o‘qish zamon ruhiga ham, diniy ko‘rsatmalarga ham to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, u muhojirlarning bolalari bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratdi. Ularning bir necha yuz mingi Rossiyada yashab turib, maktabga qatnamayotganini ta’kidladi.
«Bu mutlaqo maqbul bo‘lmagan vaziyat, chunki Rossiya va O‘zbekiston Konstitutsiyalarida har bir kishining umumiy o‘rta ta’lim olish huquqi kafolatlangan», - dedi Inson huquqlari kengashi raisi. Yechim sifatida u Markaziy Osiyo mamlakatlarida rus tilini o‘qitishni taklif etdi.
Shu bilan birga, Fadeev mehnat migratsiyasining ikki mamlakat uchun ham muhimligini ta’kidladi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Rossiyada 2 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi mehnat qilmoqda va ular o‘tgan yili vatanlariga 11,5 milliard dollar jo‘natishgan. Bu O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 9 foizini tashkil etadi.
O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev boshqacha raqamlarni keltirdi. Uning aytishicha, Rossiyada taxminan 1,3 million o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda va ularning soni mavsumga qarab o‘zgarib turadi.
2025 yilda Rossiya kompaniyalari O‘zbekistondan 150 mingdan ortiq ishchi uchun buyurtma bergan. 100 mingdan ziyod kishi allaqachon Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan tarzda jo‘natilgan. Mehnat muhojirlar nafaqat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida, balki «Gazprom», «Lukoyl», «KamAZ», «AvtoVAZ» singari yirik korxonalarda ham ishlamoqda.





