
Rossiya iqtisodiyotiga jiddiy zarba: neft-gaz kompaniyalari foydasi ikki baravar kamaydi
11.06.2025 | 21:4526673
2025 yil birinchi choragida Rossiyaning neft-gaz sektoridagi kompaniyalar saldolashtirilgan foydasi deyarli ikki baravar pasaydi. Rosstat ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kompaniyalar 789,5 mlrd rubl foyda ko‘rgan, bu esa o‘tgan yilning shu davridagi 1,445 trln rubldan ancha kam.

Bu keskin pasayishga neft narxlarining tushishi, rublning anormal kuchayishi va G‘arb sanksiyalari sabab bo‘ldi. Shuningdek, neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining rentabelligi ham deyarli nol darajaga tushib ketdi — butun sektor 4,5 mlrd rubl daromad bilan cheklandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 95,7 foiz kamayishni anglatadi, deb ma’lumot bermoqda Rosstat.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, neftning har barreli yanvarda 66 dollar bo‘lgan bo‘lsa, mart oxiriga kelib 59 dollar, may oxirida esa 52 dollargacha tushdi. Shu sababli neft eksportidan keladigan daromad 2,5 yil ichidagi eng past darajaga — haftasiga 1,2 mlrd dollarga tushdi. Bu esa davlat byudjetining neft-gaz daromadlarini may oyida 34 foizga qisqartirib yubordi. Besh oylik umumiy taqchillik esa 3,4 trln rublga yetib, rejalashtirilgan 1,2 trlndan uch baravar ko‘p bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, AQSH va Yevropa tomonidan «xufiyona flot»ni cheklash va neft narxi uchun «yuqori chegara»ni 60 dollardan 45 dollarga tushirish orqali rossiyalik eksportchilar yanada qiyin ahvolga tushishi mumkin. Ayni paytda 426 ta tanker sanksiyalar ostida. Agar AQSH ham Yevropa kabi chegarani tushirsa, Rossiyaning dengiz orqali neft eksport hajmi sezilarli kamayishi ehtimoldan xoli emas.
Neft narxlari tushishi fonida kompaniyalar dividend to‘lovlarini kamaytirishga urinishi mumkin. Ammo Rossiya hukumati — byudjet taqchilligini yopish uchun yuqori dividend to‘lashni talab qilishi mumkin. Ehtimol, hukumat soliq yukini ham oshirish imkonini ko‘rib chiqadi.
SEO title:





