Rossiya Kubaga neft jo‘natmoqchi
AQSHning neft blokadasi tufayli qiyin ahvolga tushib qolgan orol-davlatga tez orada Rossiyadan neft yetkazib berilishi aytildi. Tramp Kubaga neft yuborganlarga sanksiya va bojlar bilan tahdid qilgan.

Rossiya yaqin kelajakda Kubaga neft xomashyosi va yoqilg‘i yuklarini jo‘natishga tayyorlanmoqda. Bu haqda bugun, 12-fevral kuni Rossiyaning Kubadagi elchixonasiga tayanilgan holda «Izvestiya» gazetasi xabar berdi.
Kuba yoqilg‘i tanqisligini boshdan kechirmoqda, chunki AQSH kommunistik boshqaruvdagi mamlakatga neft yetkazib berishni cheklashga harakat qilmoqda. Orol davlati xalqaro aviakompaniyalarni ogohlantirib, endilikda Kubada aviayoqilg‘i mavjud bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Bu vaziyatning jadal yomonlashayotganidan navbatdagi belgidir.
Tarixan Kuba aviayoqilg‘ining katta qismini Venesueladan olib kelgan. Biroq Karib havzasidagi ushbu davlat dekabr oyi o‘rtalaridan beri o‘zining eng yaqin ittifoqchisidan na neft xomashyosi, na qayta ishlangan neft mahsulotlarini olgan. Bu AQSH Janubiy Amerika mamlakati eksportlarini to‘sishga kirishgan paytga to‘g‘ri keladi.
«Yaqin orada Rossiyadan Kubaga gumanitar yordam sifatida neft xomashyosi va neft mahsulotlari yetkazib berilishi kutilmoqda», – deydi Rossiya elchixonasi diplomati.
Gazetaga ko‘ra, Rossiya so‘nggi bor Kubaga neftni 2025 yil fevral oyida yetkazib bergan bo‘lib, o‘shanda 100 ming tonna yuk jo‘natilgan.
Rossiya Kubadagi yoqilg‘i vaziyatini tanqidiy, deb baholab, AQSHning orol iqtisodiyotini «bo‘g‘ish»ga qaratilgan urinishlari katta qiyinchiliklarga sabab bo‘layotganini aytdi. Moskva har qanday harbiy aralashuvga qarshi harakat qilishini bildirib, Kuba va Venesuela bilan hamjihatligini ifoda etdi.
Shuningdek, Rossiya 11-fevral kuni Rossiya sayyohlari orolni tark etganidan so‘ng Kubaga parvozlarni to‘xtatishini ma’lum qildi.
AQSH blokadasi
Kubaning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Venesuelaga hujum qilgan va uning rahbari Nikolas Maduroni asir olgan AQSH amalda Havannaga Venesueladan neft yetkazib berishni to‘sib qo‘ydi. Yanvar oxirida AQSH prezidenti Donald Tramp Kubani «noyob va g‘ayrioddiy xavf» deb atadi va orol davlatga neft yoki neft mahsulotlarini yetkazib beradigan har qanday davlatga boj solish bilan tahdid qildi.
Kuba prezidenti Miguel Diaz-Kanel dastlab bu harakatni «fashistik, jinoyat va genotsid» deb qoraladi. U shundan so‘ng mamlakati «bosim yoki dastlabki shartlarsiz» AQSH bilan muzokara qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Shuningdek, u Kubani «inqirozga yaqin» deb ogohlantirdi va energiya inqirozini hal qilish maqsadida yaqin kelajakda taqsimlash rejalarini e’lon qildi.
Kubada hozirgi vaqtda gazni faqat xorijiy valutada sotib olish mumkin va bunga dollardagi benzin stansiyalarida soatlab navbat kutish talab etiladi. Mamlakat faqat zarur energiyaning taxminan 40 foizini ishlab chiqara oladi. Elektr uzilishlari odatiy holga aylangan – ular 10–15 soatgacha davom etishi mumkin va hatto poytaxt Havanaga ham yetgan.
Kuba ko‘rgan chora-tarbirlar
Dengiz transportini kuzatib boruvchi mutaxassislarning bildirishicha, bir necha haftadan beri Kubaga hech qanday xorijiy yoqilg‘i yoki neft tashuvchi tanker kelmagan. Shuning uchun 8-fevral kuni uzoq masofali aviaqatnovlar kamida bir oy davomida orolda yoqilg‘i quyish imkoniyatiga ega bo‘lmasligi ma’lum qilindi.
Kuba tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges 9-fevral kuni AQSHning «shafqatsiz tajovuzi»ni qoraladi. Uning aytishicha, bu harakatlar «Kuba xalqining siyosiy irodasini sindirish»ga qaratilgan.
«Vaziyat juda og‘ir va katta qurbonliklarni talab qiladi», – dedi Rodriges.
8-fevral kuni bosh vazir o‘rinbosari Oskar Peres-Oliva Fraga qolgan yoqilg‘ini taqsimlashga qaratilgan favqulodda chora-tadbirlar to‘plamini e’lon qildi. Uning aytishicha, bu choralar aholi uchun zarur xizmatlar va muhim iqtisodiy faoliyatni himoya qilish maqsadida joriy etilgan. U bu toifaga oziq-ovqat va elektr energiyasi ishlab chiqarish, shuningdek, «chet el valutasini keltirib chiqaradigan asosiy faoliyat turlari» kirishini bildirdi.
Viloyatlar orasidagi avtobus va poyezd qatnovlari qisqartirildi, universitetlarda darslar an’anaviy shakldan onlayn formatga o‘tkazildi, bir qator mehmonxonalar yopildi.
«Air Canada» aviakompaniyasi 9-fevral kuni yoqilg‘i tanqisligi sabab Kubaga parvozlarni to‘xtatishini ma’lum qildi. Yaqin kunlarda u Kubada qolib ketgan taxminan 3 ming mijozni olib ketish uchun bo‘sh samolyotlarni yuborishni rejalashtirmoqda.





