
Rossiya Markaziy Osiyo va Ozarboyjon Maslahat uchrashuviga qo‘shilmoqchi
Aslida, bu uchrashuv orqali Markaziy Osiyo o‘z muammolarini «katta og‘a»siz muhokama qilishni boshlagan edi.

Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Ozarboyjonning maslahat uchrashuvlari formatiga uning qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqish mantiqan to‘g‘ri deb hisoblaydi, bu qadam muvofiqlashuvni mustahkamlashga va yanada inklyuziv xavfsizlik arxitekturasini yaratishga yordam beradi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchixonasi birinchi kotibi Aleksey Zenko Dushanbeda bo‘lib o‘tgan «Yevroosiyo markazi davlatlari «integratsiyalar integratsiyasi» jarayonida: ustuvorliklar, tutashuv xususiyati, imkoniyatlar» mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada so‘zlagan nutqida bayon etdi.
«Biz Markaziy Osiyo beshligi formatining shakllanishini katta qiziqish bilan kuzatmoqdamiz. [Mintaqa davlatlari rahbarlarining] maslahat uchrashuvlariga Ozarboyjonning qo‘shilishi to‘g‘risidagi qarorni e’tirof etamiz. Va Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasiga geografik va tarixiy yaqinligini, shuningdek, rivojlangan iqtisodiy va transport aloqalarini hisobga olgan holda, Rossiyani ushbu formatga jalb qilish imkoniyati haqida o‘ylab ko‘rish mantiqqa to‘g‘ri keladi deb hisoblaymiz. Bu muvofiqlashuvni mustahkamlashga, integratsiyaga ko‘maklashishga va mintaqa mamlakatlarining mustaqilligini saqlagan holda yanada inklyuziv xavfsizlik arxitekturasini yaratishga yordam bergan bo‘lardi», - degan Zenko.
Uning qo‘shimcha qilishicha, bu jarayonlar, shubhasiz, Markaziy Osiyoda va umuman Yevroosiyo makonida hamkorlikni, xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, shusiz ham «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi sammit doimiy o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, noyabr oyida Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi maslahat uchrashuvi yakunlariga ko‘ra, Ozarboyjon yetakchisi Ilhom Aliyev ishtirokida Bokuning ushbu format ishida to‘laqonli ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. Mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusini O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan edi. Birinchi bunday uchrashuv 2018 yil mart oyida Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan.
Mintaqa davlatlari o‘z muammolarini «katta og‘a»siz muhokama qilishni boshlagan.|





