Rossiya Markaziy Osiyodan borayotgan migrantlar uchun jozibadorligini yo‘qotmoqda — OSW
Yosh aholi sonining o‘sishi va ish o‘rinlarining yetishmasligi mintaqa aholisini tobora ko‘proq yangi davlatlarda ish izlashga undamoqda. Mehnat migrantlari yuborgan pul o‘tkazmalari O‘zbekistonda YAIMning 14,4 foizini tashkil etadi.
© vesti.ruRossiya hanuz Markaziy Osiyodan borayotgan mehnat migrantlari uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Biroq uning jozibadorligi asta-sekin pasaymoqda. Mintaqa aholisi tobora ko‘proq Yevropa Ittifoqi davlatlari, Turkiya, Xitoy va Janubiy Koreyani tanlamoqda. Bu haqda Polshaning Sharq tadqiqotlari markazi (OSW) yangi hisobotida aytiladi.
So‘nggi 35 yil ichida Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston aholisi qariyb 30 million kishiga ko‘payib, 52,9 milliondan taxminan 81 million nafarga yetdi. Mintaqa aholisining o‘rtacha yoshi 26,6 yoshni tashkil etadi. Bu Markaziy Osiyoni dunyodagi eng yosh mintaqalardan biriga aylantiradi.
OSW tahlilchilariga ko‘ra, bunday demografik vaziyat iqtisodiy o‘sish va Markaziy Osiyoning siyosiy ta’siri kuchayishi uchun imkoniyat yaratadi. Shu bilan birga, mehnat bozori, maktablar, sog‘liqni saqlash tizimi, shahar infratuzilmasi va boshqa davlat xizmatlariga bosim ham ortib bormoqda.
Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanishidan oldin Rossiya mintaqadagi ko‘plab mehnat migrantlari uchun deyarli yagona yo‘nalish edi. Ammo keyingi yillarda u yerga borib ishlash kamroq foydali va xavfliroq bo‘lib qoldi.
Mualliflar bunga Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi va rubl qadrsizlanishini sabab sifatida ko‘rsatadi. Shuningdek, migrantlarga qarshi kayfiyatning kuchayishi, «Crocus City Hall» teraktidan keyin Tojikiston fuqarolarining deportatsiya qilinishi hamda Markaziy Osiyodan borgan fuqarolar Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majburlanayotgani haqidagi xabarlar ham Rossiya mehnat bozorining jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu fon ortida boshqa yo‘nalishlarning ahamiyati ham asta-sekin ortmoqda. OSWning «Eurostat» ma’lumotlari asosidagi hisob-kitobiga ko‘ra, 2023-yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Markaziy Osiyoning besh davlati fuqarolariga qariyb 196 mingta birinchi yashash uchun ruxsatnoma bergan. Shundan taxminan 78 mingtasi ish bilan bog‘liq bo‘lgan. Eng ko‘p ruxsatnomalarni Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari olgan.
Shu bilan birga, Rossiya hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Rossiya bozori shakllangan migratsiya aloqalari, rus tilini bilish, transport qulayligi va kirish shartlarining nisbatan soddaligi sababli mintaqa aholisi uchun asosiy yo‘nalish bo‘lib qolmoqda. Shu bois gap Rossiyadan butunlay voz kechish haqida emas, balki mehnat migratsiyasi geografiyasining bosqichma-bosqich kengayishi haqida bormoqda.
Ayniqsa, Tojikiston va Qirg‘iziston iqtisodiyoti eng zaif hisoblanadi. OSW hisobotida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat migrantlari yuborayotgan pul o‘tkazmalari Tojikistonda YAIMning 47,9 foizini, Qirg‘izistonda 18,8 foizini va O‘zbekistonda 14,4 foizini tashkil etadi. Bunday qaramlik ushbu davlatlarni migrantlar ishlayotgan mamlakatlardagi migratsiya siyosati va iqtisodiy vaziyatdagi o‘zgarishlarga nisbatan sezgir qilib qo‘ymoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin sudlangan migrantlarga Rossiya fuqaroligini berishni taqiqlagandi.





