
Rossiya migrantlar uchun davlat bojlarini oshirmoqda
11.08.2025 | 08:2032333
Rossiyada sentyabrdan migrantlar uchun ro‘yxatdan o‘tkazish, ishlash ruxsatnomasi va patent olish bojlari sezilarli oshiriladi.

1 sentyabrdan e’tiboran Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning ro‘yxatdan o‘tishi, migratsiya hisobi va mehnat faoliyatiga ruxsatnomalar bo‘yicha davlat bojlari yangicha tartibda undiriladi. Bu haqda RF Jamoatchilik palatasi a’zosi Yevgeniy Masharov RIA Novostiga ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, hozircha bepul bo‘lib turgan vaqtinchalik yashash joyi bo‘yicha hisobga qo‘yish 500 rublga tushadi. Viza muddatiga bog‘liq bo‘lmagan hollarda vaqtinchalik qolish muddatini uzaytirish 1000 rubl etib belgilanadi.
Ishlash ruxsatnomasini uzaytirish hamda patent berish yoki qayta rasmiylashtirish 4200 rublni tashkil etadi.
Chet ellik ishchi jalb qilish ruxsatnomasi dublikati yoki unga o‘zgartish kiritish uchun 2100 rubl to‘lanadi. Yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati uchun boj 420 rubldan 1000 rublga ko‘tariladi.
Masharovning ta’kidlashicha, bu o‘zgarishlar davlat byudjetiga qo‘shimcha tushum keltiradi va noqonuniy migratsiya oqimini kamaytiradi. «Qonuniy ishlaydigan migrantlarga ta’sir qilmaydi, ammo «xufiyona» ishlayotganlar sezilarli ta’sirini his qiladi», — dedi u.
Federal qonunga asosan, RF Soliq kodeksining 333.28-moddasiga kiritilgan o‘zgarishlar xorijiy fuqarolar uchun yangi davlat bojlarini joriy qiladi. Bu o‘zgarishlar 31 iyulda imzolangan №271-FZ federal qonun bilan tasdiqlangan.





