
Rossiya Moliya vazirligi Markaziy bankdan asosiy stavkani pasaytirishni talab qildi
20.05.2025 | 11:0030304
Rossiya iqtisodiyotidagi so‘nggi sekinlashuv va inflyatsiya darajasining pasayishi Moliya vazirligini faol harakatga undadi — Anton Siluanov rahbarligidagi vazirlik Markaziy bankni asosiy foiz stavkasi bo‘yicha qayta qaror qabul qilishga chaqirmoqda.

21 foizli rekord darajadagi stavka allaqachon olti oydan ziyod vaqt davomida o‘zgarmagan holda qolmoqda. Bu, o‘z navbatida, iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Birinchi chorakda Rossiya yalpi ichki mahsuloti 1,4 foizga o‘sdi — bu o‘tgan chorakda qayd etilgan 4,5 foizga nisbatan deyarli uch baravar kam. Shu bilan birga, inflyatsiya pasayishda davom etmoqda: mutaxassislar 2025 yil aprel oyi bo‘yicha inflyatsiya darajasini 4,6–5,7 foiz deb baholamoqda. Ba’zi tahlilchilar yil oxirigacha bu ko‘rsatkich 4 foizga tushishini kutishmoqda, bu esa rasmiy prognozlardan ancha kam.
Moliya vazirligi fikriga ko‘ra, inflyatsiya past bo‘lgan sharoitda yuqori stavka saqlanishi byudjetga ikki karrali zarba beradi: avvalo soliq tushumlari pasayadi, keyin esa davlat qarzini moliyalashtirish xarajatlari oshib boradi. Masalan, faqat imtiyozli ipoteka uchun 279 mlrd rubl qo‘shimcha mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda. Bu esa byudjeti oldindan pasaygan davlat uchun yanada og‘ir yukdir.
Ayni paytda, Rossiya byudjeti neft va gaz daromadlarining kamayishi bilan yuzma-yuz kelmoqda. Minfin xisob-kitobiga ko‘ra, ular 2025 yilda 2,6 trln rublga qisqarishi mumkin. Shu bilan birga, iqtisodiy faollik ham sekinlashmoqda. Raffayzenbank tahlilchilari ushbu holat texnik retsessiya xavfini ko‘rsatmoqda, deyishmoqda.
Markaziy bank 6 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishda «har qanday qaror»ni qabul qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Ko‘plab mutaxassislar iyul oyida stavka pasaytirilishini kutmoqda, ammo ayrim optimistlar pasaytirish iyundanoq boshlanishini taxmin qilmoqda.
Avvalroq Rossiya Markaziy banki rahbari Elvira Nabiullina «asosiy stavkani pasaytirish — inflyatsiya oldida taslim bo‘lish», degan edi.





