
Rossiya neft mahsulotlari eksporti urush boshlanganidan beri eng past darajaga tushdi
16.10.2025 | 08:4218374
Ukraina dronlarining avgustdan beri davom etayotgan hujumlari Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga katta zarar yetkazib, mahsulotlar eksportini keskin qisqartirdi.

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya energetika infratuzilmasiga, xususan neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) va eksport terminallariga bergan dron hujumlari mamlakatning neft mahsulotlari eksportiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bloomberg yozishicha, oktyabrning ilk o‘n kunida sutkalik eksport hajmi 1,88 mln barrelni tashkil etib, 2022 yil boshidan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ukrain hujumlaridan keyin NQIZlarda qayta ishlash hajmi sutkasiga 5 mln barreldan pastlab, bu 2022 yil bahoridan beri kuzatilmagan minimum hisoblanadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, zavodlardagi mavsumiy ta’mir ishlari ham umumiy ishlab chiqarishni chekladi.
Ichki bozorda benzin tanqisligi kuchaygani sababli, hukumat uning eksportni vaqtincha taqiqladi. Hozir turli darajada taqchillik Rossiyaning 57ta mintaqasida sezilmoqda. Solishtirish uchun, 2022 yilning shu davrida sutkalik neft mahsulotlari eksporti 2,3 mln barrelga yetgan edi.
Ukraina dron hujumlari sentyabr oyida Ust-Luga terminalini ham shikastladi — u orqali Rossiya naftaning 60 foizini eksport qilardi. Buning oqibatida naftaning chiqarilishi 43 foizga kamayib, oktyabrda sutkalik hajm 198 ming barrelga tushdi — bu ham 2022 yil yanvaridan beri eng past darajadir.
Shu bilan birga, dizel va gazoyl eksporti sentyabrga nisbatan 13 foizga ko‘paygan bo‘lsa, mazut eksporti 8 foizga kamaydi. Xalqaro energetika agentligi mutaxassislari fikricha, ukrain hujumlarining oqibati Rossiya neft sanoatida kamida bir yil davom etadi. Ularning hisobicha, NQIZlar faoliyati 2026 yil iyunigacha to‘liq tiklanmaydi.
Bundan tashqari, naftaning asosiy xaridorlaridan biri bo‘lgan Tayvan ham Rossiyadan xaridlarni to‘xtatishi mumkin. Joriy yilning birinchi yarmida Tayvan Rossiya naftasining 1,9 mln tonnasini 1,3 mlrd dollarga sotib olgan edi. Ammo orol iqtisodiyoti vaziri so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa Ittifoqi talab qilsa, Tayvan Rossiya mahsulotlarini import qilishni to‘xtatadi.





