
Rossiya nefti quladi: Urals narxi 2020 yildan beri eng past nuqtada
Rossiyaning asosiy eksport brendi Urals neftininn barreli noyabrda 44,87 dollarga tushib, 2020-yildan beri eng past darajani qayd etdi. Sabab — sanksiyalar va yuqori narx chegarasi.

Rossiya nefti bozorida keskin pasayish kuzatilmoqda. RF Iqtisodiy rivojlanish vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida Urals neftining o‘rtacha narxi bir barreli uchun 44,87 dollarni tashkil etdi — bu 2020 yil noyabridan buyongi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
So‘nggi bir oyda narxlar 18 foizga, ya’ni qariyb 9 dollarga pasaydi. Bunga Donald Tramp ma’muriyati tomonidan «Rosneft» va «Lukoil»ga nisbatan joriy etilgan yangi sanksiyalar va eksportdagi chegirmalarning keskin oshishi sabab bo‘ldi.
Yil boshiga nisbatan vaziyat yanada jiddiy: yanvarda Urals neftining narxi bir barreliga 67,66 dollar bo‘lgan, bugungi narx esa undan 33 foizga past. Bu nafaqat tashqi bozordagi zaiflikni, balki Rossiya byudjetining asosiy daromad manbai bo‘lgan neft eksport daromadlarida chuqur tanazzul yuz berganini ham ko‘rsatadi.
Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, noyabrda neft narxi rublda 3256 rublni tashkil etdi — 2023 yil martdan beri eng past daraja. Bu hukumat 2025 yilgi va 2026 yilgi byudjetda belgilagan prognoziga nisbatan 35–40 foiz past ko‘rsatkichdir. Inflyatsiyani inobatga olganda, real rubl narxi hatto pandemiya davri darajasigacha tushgan.
Byudjetga ta’sir sezilarli bo‘lmoqda: yanvar–noyabr oylari davomida neft-gaz soliqlari 21 foizga, ya’ni 2,3 trln rublga kamaydi. Noyabr oyining o‘zida soliq tushumlari o‘tgan yilga nisbatan 34 foizga kamaydi. MMI tahlilchilariga ko‘ra, qulayotgan narxlar kelasi yil boshida hali ham katta zarba berishi mumkin.
Ekspertlar rubl kursi bo‘yicha ham negativ ssenariyni kutmoqda. «VTB Investitsiyalar» strategi Aleksey Mixeyev, eksport tushumlarining qisqarishi natijasida rubl 85–90 diapazonigacha qadrsizlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Rossiya Moliya vazirligi bu yil 10,94 trln rubl neft-gaz daromadi rejasini 21 foizga pasaytirgan edi. Biroq, mutaxassislar fikricha, budjet taqchilligi rejadan ancha yuqori — YAIMning 3,5 foiziga yetishi mumkin.





