add

Rossiya o‘z tankerini Amerika tomonidan qo‘lga olinishiga keskin munosabat bildirdi

Kecha 20:282 daqiqa

Rasmiy Moskva ochiq dengizda kemani to‘xtatish va tekshirish faqat qator cheklangan holatlarda, jumladan qaroqchilik yoki qul savdosi gumoni bo‘lganda mumkin ekanini eslatdi.

Rossiya o‘z tankerini Amerika tomonidan qo‘lga olinishiga keskin munosabat bildirdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Atlantika okeanida Bella 1 (Marinera) neft tankerining Amerika harbiylari tomonidan to‘xtatilishini noqonuniy kuch ishlatish deb baholab, Vashingtonni xalqaro dengiz huquqi normalarini va kemachilik erkinligini qo‘pol ravishda buzishda aybladi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ochiq dengizda kemani to‘xtatish va ko‘zdan kechirish faqat qaroqchilik yoki qul savdosi kabi xalqaro miqyosda tan olingan istisno holatlardagina mumkin. Rossiya bayrog‘i ostida suzgan Bella 1'ning AQSH harbiylari tomonidan tinch kemaga chiqishi va ekipajning asirga olinishi esa xalqaro dengiz huquqi tamoyillariga mutlaqo ziddir. Shuningdek, kema egasining qonuniy manfaatlari kamsitilgani va turli davlat fuqarolaridan iborat ekipaj a’zolarining hayoti hamda sog‘lig‘i xavf ostida qolgani alohida qayd etildi.

Moskva AQSHning sanksiya qonunchiligiga tayanib qilingan izohlarini asossiz deb atab, g‘arb cheklovlarini noqonuniy, deb hisoblashini bildirdi. TIV Vashingtonning keskin xalqaro inqirozlar yaratishga tayyor ekanidan tashvish bildirar ekan, AQSHni xalqaro dengiz sudoxodstvi qoidalariga qaytishga chaqirdi.

Financial Times va BBCning rus xizmatiga ko‘ra, Bella 1 2025 yil oxiridan Ryazan oblastida ro‘yxatdan o‘tgan «Burevestmarin» kompaniyasiga tegishli. Ushbu korxona 2025 yilning iyul oyida tadbirkor Ilya Bugay tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u shu bilan birga neft mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa bir tuzilmaning ham rahbari hisoblanadi. Mazkur kompaniya ilgari yuqori daromad ko‘rgan bo‘lsa-da, so‘nggi vaqtlarda uning moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada pasaygan va zarar ko‘rishni boshlagan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati esa mazkur vaziyatga mutlaqo boshqacha yondashmoqda. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens qo‘lga olingan kemani amaldagi sanksiyalar rejimini aylanib o‘tishga urinishda aybladi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Bella 1 va Sophia tankerlari Eron, Venesuela va Rossiyaning sanksiya ostidagi neftini tashigani uchun AQSH Moliya vazirligining qora ro‘yxatiga kiritilgan edi. Vashington bu kabi kemalarni soyadagi flot sifatida tasniflamoqda.

Rossiya Transport vazirligi ham BMTning Dengiz huquqi bo‘yicha konvensiyasiga tayangan holda, ochiq dengizda suzish erkinligi rejimini eslatib o‘tdi. Vazirlik hech bir davlat boshqa mamlakat yurisdiksiyasidagi kemalarga nisbatan kuch ishlatish huquqiga ega emasligini qat’iy ta’kidlamoqda.

Moskva AQSH harbiylarining Rossiya bayrog‘i ostida suzgan neft tankerini ushlashi xalqaro dengiz huquqiga zid ekanini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid