
Rossiya o‘zining eng daxshatli raketasini Belarus sharqiga joylashtirgan — AQSH ekspertlari
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Belarus sharqida yadroviy kallak tashiydigan raketa joylashtirilganini ko‘rsatdi.

Amerikalik tadqiqotchilar sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarga tayanib, Belarus sharqida yadroviy kallaklarni tashishga qodir bo‘lgan Rossiyaning yangi «Oreshnik» gipertovushli ballistik raketalari joylashtirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Middlberi xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari Jeffri Lyuis va Maykl Duytsman hamda CNA tahlilchisi Dekker Evelet Planet Labs suratlarini tahlil qilib, ushbu raketa tizimining joylashuvini aniqlagan.
Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, majmua Minskdan taxminan 307 km sharqda va Moskvadan 478 km janubi-g‘arbda joylashgan Krichev shahri yaqinidagi sobiq «Krichev-6» harbiy aerodromiga o‘rnatilgan. Ushbu obyekt Rossiyaning Smolensk viloyati chegarasidan atigi besh kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, u yerdan Ukraina chegarasigacha 180 kilometr, Latviyagacha 370 kilometr, Litvagacha 400 kilometr va Polshagacha 540 kilometr masofa mavjud.
Tadqiqotchilar Reuters agentligiga sun’iy yo‘ldosh suratlariga aynan «Oreshnik» tushganiga 90 foiz ishonchlari komil ekanini bildirgan. Agentlik manbasining ta’kidlashicha, ushbu taxmin Amerika razvedkasining xulosalari bilan ham mos keladi.
Avvalroq, Aleksandr Lukashenko «Oreshnik» raketa majmuasi 17-dekabrdan buyon mamlakatda jangovar navbatchilikka kirishganini ma’lum qilgan edi.
«Oreshnik» — o‘rta masofaga mo‘ljallangan eksperimental ballistik raketa tizimi bo‘lib, uning parvoz masofasi 5500 kilometrni tashkil etishi taxmin qilinadi. Rossiya Qurolli kuchlari ushbu tizimni ilk bor 2024 yil noyabr oyida Ukrainaning Dnepr shahriga bergan raketa zarbasida qo‘llagan edi.





