
Rossiya rasmiylari WhatsApp’ni bloklashga tayyorgarlik ko‘rishni taklif qilmoqda
19.07.2025 | 08:3045284
Rossiya Davlat Dumasi deputati Anton Gorelkin WhatsApp messenjeri yaqin orada mamlakatda taqiqlanishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu orqali hukumat milliy messenjer MAX’ni ommalashtirishni maqsad qilmoqda.

Rossiya Davlat Dumasining axborot texnologiyalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Anton Gorelkin WhatsApp messenjeri mamlakatda faoliyati to‘xtatilishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Meta kompaniyasiga tegishli ushbu dastur, ehtimol, Rossiya hukumati tomonidan «nodo‘stona mamlakatlar»ning programmalari ro‘yxatiga kiritiladi. Mazkur ro‘yxatni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan 1 sentyabrgacha hukumat tayyorlashi lozim.
Gorelkin keltirgan statistikaga ko‘ra, WhatsApp’dan har kuni rossiyaliklarning 68 foizi foydalanadi. Shu bilan birga, Telegram messenjeri 55 foiz faollikka ega. Deputatning ta’kidlashicha, Telegramning asosiy ofisi «do‘stona mamlakat» sanaladigan BAAda joylashgani va rossiyalik rasmiylarning talablarini bajarishga tayyorligi sababli u taqiqlanmaydi. Uning fikricha, WhatsApp o‘rnini Rossiyada maxsus ishlab chiqilgan milliy messenjer egallaydi.
2025 yil iyunida Vladimir Putin milliy messenjer yaratish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan. Unga ko‘ra, MAX nomli messenjer «Gosuslugi» bilan integratsiya qilingan bo‘lib, shaxsni tasdiqlash, raqamli identifikatsiya, elektron imzo va ijtimoiy imtiyozlarni aniqlash imkoniyatini beradi.
Biroq, bu tizim yuritilishi inson huquqlarini himoya qiluvchi faollar tomonidan tanqid qilinmoqda. «Internetni himoya qilish jamiyati» rahbari Mixail Klimarevning ta’kidlashicha, MAX platformasi davlat tomonidan kuzatuv vositasiga aylanadi. U platformaning maxfiylik siyosatida foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlar davlat organlariga berilishi ko‘zda tutilganini qayd etdi.
Mediascope tadqiqot kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprelida WhatsApp messenjeri Rossiyadagi 12 yoshdan katta aholining 79,2 foiziga, ya’ni taxminan 97,4 million kishiga yetib borgan. Telegram va «VKontakte» esa mos ravishda 90,5 va 93,8 million oylik auditoriyaga ega.





