add

Rossiya soliq tuzog‘iga ilinmoqda: iqtisodiyot «sog‘in sigir»ga aylanmoqda

22.10.2025 | 17:003512

Rossiya iqtisodiyoti to‘rt yildan beri davom etayotgan urush fonida soliq bosimi ortishi natijasida retsessiya xavfiga duch keldi. Hukumat byudjet defitsitini to‘ldirish uchun soliqlarni oshirmoqda, ammo bu qaror iqtisodiy o‘sishni so‘ndirib, daromadlarni yanada qisqartirishi mumkin.

Rossiya soliq tuzog‘iga ilinmoqda: iqtisodiyot «sog‘in sigir»ga aylanmoqda

Rossiya hukumati 2026 yilgi davlat byudjeti loyihasida yangi soliq oshirishlarini belgiladi, bu esa iqtisodchilar fikricha, iqtisodiyot uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Reuters agentligi suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, hukumatning soliq siyosatini kuchaytirish orqali byudjetdagi teshiklarni yopish urinishi «soliq tuzog‘i»ni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.

So‘nggi to‘rt yilda davlat xarajatlari 1,7 barobarga oshgan — asosiy mablag‘ armiya va qurollanishga sarflanmoqda. Bu orqali byudjet tanqisligi o‘sdi va hukumat esa soliq bosimini bir necha marta oshirdi. 2025 yildan boshlab jismoniy shaxslar daromad solig‘i uchun progressiv shkala, foyda solig‘i, soddalashtirilgan soliq tizimi cheklovlari hamda avtomobillarga utilsizator to‘lovlari oshirildi. 2026 yilda esa QQS 22 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda.

Iqtisodchi Yevgeniy Nadorshinning so‘zlariga ko‘ra, hukumat fuqarolar va biznesni «geosiyosiy ehtiyojlarni ta’minlovchi sog‘in sigir»ga aylantirdi. «Hukumat iqtisoddan shunchaki bor shirasini siqib olayotgandek», — dedi u kinoya bilan.

Rossiya Moliya vaziri Anton Siluanov soliqlarni oshirishni «qarz va inflyatsiya xavflarini kamaytirish uchun eng samarali chora», deb atadi. Ammo tahlilchilar «soliq spirali» xavfiga ogohlantirmoqda: soliqlar oshgan sari ishlab chiqarish va faoliyat qisqaradi, bu esa byudjet tushumlarining yana pasayishiga olib keladi.

«Iqtisodiyot hozir ham kuchli emas, soliqlar oshsa, u yana sekinlashadi. Natijada soliq bazasi torgayadi va hukumat yana soliqlarni oshirishga majbur bo‘ladi», — deydi «T-investitsii» bosh iqtisodchisi Sofya Donets.

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi 2026 yilda iqtisodiy o‘sish 1–1,3 foizdan oshmasligini bashorat qilgan. SMAKP markazi esa QQS oshirilishi fonida YAIMning real hajmi kamayishi mumkinligini ta’kidlagan.

Nadorshin fikricha, hozirgi siyosat resurslarni chegaraga yetkazmoqda: «Iqtisodiyot endi geosiyosiy ehtiyojlarni ta’minlay olmayapti, chunki u bosimni shunchaki ko‘tarolmaydi. Bu yilda byudjet kutilgan soliqlarni ololmadi — sababi niyat emas, imkoniyat yo‘q».

Teglar

Mavzuga oid