
Rossiya so‘nggi uch yilda 40 mlrd yevroga teng aktivlarni milliylashtirdi
11.07.2025 | 13:007333
Yuridik tahlilchilar ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumati 2022–2025 yillarda xususiy mulklarni musodara qilish bo‘yicha kamida 102 ta holat qayd etgan. Umumiy mablag‘ 3,9 trln rublni tashkil qilib, mamlakat harbiy byudjetining uchdan bir qismiga teng.

So‘nggi uch yilda Rossiya hukumati jami 3,9 trln rubl yoki taxminan 40,4 mlrd yevroga teng xususiy aktivlarni milliylashtirdi. Bu haqda The Moscow Times nashri xabar berdi. Hisobot 2025 yil iyun oyida «Nektoro‘v, Savelev i partnyor» yuridik firmasi tomonidan tayyorlangan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur miqdor Rossiyaning 2025 yilgi 13,5 trln rubllik harbiy xarajatlarining uchdan bir qismiga to‘g‘ri keladi. Milliylashtirilgan aktivlar miqdori «Rosneft» kompaniyasining kapitali (4,3 trln rubl), federal byudjet taqchilligi (3,8 trln rubl) va Milliy farovonlik jamg‘armasi likvid qismi (4,1 trln rubl) bilan taqqoslanmoqda.
Yuridik tahlilchilarning aytishicha, 102 ta milliylashtirish holatlarining asosiy qismi 2022–2025 yillarga to‘g‘ri keladi. Bir nechta holatlar 2020–2021 yillarda qayd etilgan.
Ayniqsa, xorijiy kompaniyalarga tegishli aktivlar qonuniy asosda to‘g‘ridan-to‘g‘ri musodara qilinolmagan. Ular Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmonlari asosida Federal mulk agentligi doimiy boshqaruviga o‘tkazilgan. 2024 yilga kelib bunday kompaniyalar soni 9 tadan 16 tagacha ko‘paygan.
Huquqshunoslarga ko‘ra, milliylashtirish vositalari sifatida arbitraj sud qarori, boshqaruvga vaqtincha tayinlash yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri farmonlardan foydalanilgan.





