Logo

Rossiya ta’minoti qisqarishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlari yonilg‘i tanqisligining oldini olishga shoshilmoqda

Bugun 13:304 daqiqa

Markaziy Osiyo energetika bozori Ukraina dronlarining Rossiya energetika infratuzilmasiga qarshi hujumlari tufayli tez o‘zgarmoqda. Mintaqa davlatlari yonilg‘i ta’minoti manbalarini diversifikatsiya qilishga shoshilayotgani sababli, uzoq muddatda Rossiya mintaqa bozoridagi ta’siri va ulushini yo‘qotishi mumkin.

Rossiya ta’minoti qisqarishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlari yonilg‘i tanqisligining oldini olishga shoshilmoqda © Foto: centralasianlight.org

Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga takroriy hujumlari Moskvani ichki bozorda kuchayib borayotgan tanqislikni bartaraf etish uchun benzin va aviatsiya yonilg‘isi kabi neft mahsulotlari eksportini cheklashga majbur qildi. Bu esa Markaziy Osiyo davlatlarini kuz va qishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan energetik inqirozning oldini olish uchun muqobil ta’minot manbalarini izlashga undamoqda.

Shu yilga qadar Qirg‘iziston va Tojikiston yonilg‘i ta’minotining taxminan 90 foizini Rossiya hisobiga qoplab kelgan. Endi esa Rossiyaga asosiy eksportchi sifatida to‘liq ishonib bo‘lmaydi. Masalan, iyul oxirida Rossiya Qirg‘izistonning yil oxirigacha bo‘lgan ehtiyojini qoplash uchun zarur yonilg‘ining atigi yarmini yetkazib berishga rozi bo‘ldi. Bu oyiga taxminan 100 ming tonna neft mahsuloti degani.

Yetishmayotgan yonilg‘ini qoplash uchun Bishkek O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan kichik hajmdagi ta’minot kelishuvlarini tuzdi. Shuningdek, Belarus va Xitoydan ham yonilg‘i yetkazib berilmoqda. Qirg‘iziston rasmiylari Turkiya va Yevropa Ittifoqidan qo‘shimcha yonilg‘i olish bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston hukumati yonilg‘i bo‘yicha ma’lum darajada ichki mustaqillikka erishish choralarini ko‘rmoqda. Yiliga taxminan 450 ming tonna neft mahsuloti ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan neftni qayta ishlash zavodi qurilishi loyihasi jadallashtirilmoqda. Bu mamlakatning yillik ehtiyojining qariyb chorak qismini qoplash imkonini beradi. Zavod 2026-yil oxirida ishga tushishi mumkin.

Tojikiston ham muqobil manbalarni izlamoqda

Tojikiston iyul oyida Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istondan yonilg‘i importini uch baravarga oshirdi. «Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, import hajmi 34 ming tonnani tashkil etgan. Iyun oyida esa bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan. Shu bilan bir vaqtda Rossiyadan Tojikistonga benzin yetkazib berish qariyb ikki baravarga kamayib, 14 ming tonnadan biroz oshgan. Tojikiston rasmiylari Qozog‘iston va Xitoydan qo‘shimcha yonilg‘i olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Energetika vazirligi iyul boshida mamlakatdagi yonilg‘i zaxiralari taxminan 60 kunga yetishi mumkinligini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Rossiyaga nisbatan kamroq bog‘langan

O‘zbekiston Rossiya energetikasiga kamroq qaram. Mamlakatda oyiga 100 ming tonnagacha neft mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lib, bu ichki ehtiyojning taxminan 60 foizini qoplaydi. Qolgan ehtiyojni ta’minlash uchun Toshkent yonilg‘i yetkazib beruvchi davlatlar doirasini kengaytirib, Gruziya, Iroq va boshqa davlatlar bilan kelishuvlarga erishmoqda.

O‘zbekiston uchun hozirgi asosiy muammolardan biri — aviatsiya yonilg‘isiga bo‘lgan talabning keskin oshishi. Prezident matbuot xizmati ma’lum qilishicha, geosiyosiy vaziyatning keskinlashishi sababli Markaziy Osiyo orqali amalga oshirilayotgan aviareyslar soni ko‘paymoqda. Xususan, Rossiyadan O‘zbekistonga amalga oshirilayotgan parvozlar soni ham oshgan.

Urush va sanksiyalar sharoitida O‘zbekiston rossiyaliklarning xorijga sayohat qilishi uchun muhim tranzit markazlaridan biriga aylangan. Tojikiston kabi O‘zbekiston rasmiylari ham mamlakatdagi yonilg‘i zaxiralari ikki-uch oyga yetishini bildirmoqda. Shu bilan birga, hukumat ehtimoliy energetik tanqislik haqidagi xavotirlarni yumshatishga harakat qilmoqda.

Tojikiston va O‘zbekiston yangi neft-gaz zaxiralarini qidirmoqda

Ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilishdan tashqari, Tojikiston va O‘zbekiston rasmiylari mamlakat ichida yangi neft va gaz zaxiralarini qidirish ishlarini ham kuchaytirmoqda.

Dushanbe geologik tadqiqotlarni o‘tkazishda yordam berish uchun Xitoy kompaniyalarini jalb qilgan. Toshkent esa o‘z imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Jumladan, AQSHning SLB kompaniyasi bilan hamkorlikda seysmik ma’lumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Qozog‘iston va Turkmaniston Rossiyaga kamroq bog‘liq

Qozog‘iston va Turkmaniston ichki ehtiyojni qoplash borasida neft mahsulotlari bo‘yicha asosan o‘zini o‘zi ta’minlay oladi. Har ikki davlat qo‘shni mamlakatlarga qo‘shimcha yonilg‘i eksport qilish orqali qo‘shimcha daromad olmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi qancha uzoq davom etsa, Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi yonilg‘i ta’minoti tizimlari shunchalik mustahkamlanishi mumkin. Bu esa uzoq muddatda Rossiya uchun mintaqa yonilg‘i bozorining qisqarishiga va Kreml budjetiga borib tushadigan muhim daromadlarning kamayishiga olib kelishi ehtimol. Rossiya hukumati hozirgi qiyin ahvolga tushganining yana bir yaqqol belgisi sifatida Rossiya rasmiylari Qozog‘istonda Rossiya neftini qayta ishlash bo‘yicha kelishuv imkoniyatini muhokama qilmoqda.

«Reuters» xabar berishicha, bunday kelishuv Rossiya neft mahsulotlarini Ukraina hujumlaridan himoya qilish imkonini beradi. Biroq bu Rossiya hukumati daromadlarining kamayishiga olib kelishi mumkin.
Dastlabki rejalarga ko‘ra, Qozog‘istonda qayta ishlangan neft mahsulotlari Qozog‘iston ichki bozorida sotiladi, shuningdek, Rossiyaga ham yetkazib beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Markaziy Osiyodan borayotgan migrantlar uchun jozibadorligini yo‘qotayotgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid