add

Rossiya Telegram va WhatsApp uchun SMS orqali ro‘yxatdan o‘tishni cheklay boshladi

Kecha 08:184691

Rossiya mobil operatorlariga Telegram va WhatsApp messenjerlarida SMS yoki qo‘ng‘iroq orqali ro‘yxatdan o‘tishni bloklash haqida ko‘rsatma berildi.

Rossiya Telegram va WhatsApp uchun SMS orqali ro‘yxatdan o‘tishni cheklay boshladi

Rossiyada mobil aloqa operatorlariga Telegram va WhatsApp messenjerlarida SMS orqali ro‘yxatdan o‘tish yoki qo‘ng‘iroq orqali kod olish jarayonlarini cheklash bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Bu haqda «Kod Durova» nashri telekom bozoridagi manbasiga tayanib xabar berdi.

Manbaning ma’lumotiga ko‘ra, mazkur taqiq kodlarni yuborishni ta’minlaydigan kompaniyalarga ham tegishli bo‘lib, ayrim operatorlar allaqachon bu cheklovni amalga oshirishni boshlagan. Bu chora yangi akkaunt yaratish imkoniyatlarini cheklash va mavjud akkauntlarga kirishni murakkablashtirishni ko‘zlaydi.

Nashrning yozishicha, hozirda Telegram’dan SMS-kodlar «Beeline» abonentlariga yetib bormayapti. Bu operator mamlakatda ikkinchi o‘rinda turib, 44 milliondan ziyod mijozga ega. Shu bilan birga, MTS va «Megafon» raqamlariga hozircha tasdiqlash kodlari kelayotgani qayd etilgan.

Mutaxassislar fikricha, bu harakat Rossiya hukumati tomonidan messenjerlarning faoliyatini nazorat ostiga olish va shifrlangan muloqot kanallarini cheklash siyosati doirasida amalga oshirilmoqda.

Avvalroq, Roskomnadzor anneksiya qilingan Qrimda Telegram va WhatsApp’ning ishlashi cheklagani, cheklovlarni butun mamlakat bo‘ylab joriy etishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid