add

Rossiya Turkiyadan S-400larni qaytarib olishni taklif qilmoqda

10.09.2025 | 15:3046193

Moskva Turkiyadan faollashtirilmagan S-400 tizimini qaytarib olish va uni uchinchi davlatga sotishni muhokama qilmoqda, deb yozmoqda turk matbuoti.

Rossiya Turkiyadan S-400larni qaytarib olishni taklif qilmoqda
Rossiya tomoni Turkiyaga 2019 yilda yetkazib berilgan, lekin faol ravishda ishlatilmayotgan S-400 havo hujumidan himoya tizimlarini qaytarib olish va ularni boshqa davlatga sotish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda «Nefes» nashri ma’lum qildi. Hozircha ushbu ma’lumot rasmiy tomonlar tomonidan tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, Turkiyaning so‘nggi harbiy yo‘nalishi bu ehtimolni kuchaytirmoqda. Ma’lumki, Turkiya 2017 yilda Rossiyadan 2,5 mlrd dollar evaziga 2 ta S-400 batareyasi xarid qilgan edi. Birinchi yetkazib berish 2019 yilda amalga oshirildi. Biroq mazkur tizim NATO havo himoyasiga integratsiya qilinmagani, shuningdek, AQSHning CAATSA sanksiyalari oqibatida Turkiya F-35 dasturidan chiqarilgani ortidan S-400 masalasi tortishuvli bo‘lib qoldi. bugungi kunda Turkiya «Temir gumbaz» deb nomlangan milliy havo himoya tizimini rivojlantirmoqda. Bu holat Turkiyaning S-400ga bo‘lgan ehtiyojini sezilarli kamaytirdi. Turk rasmiylari foydalanishga tushmagan bu tizimlardan voz kechib, o‘zining ichki imkoniyatlariga tayanishni maqsad qilmoqda. Nashr yozishicha, Rossiya hozirda o‘z zahirasida sotishga tayyor S-400 tizimiga ega emas. Shu bois, Turkiyadan qaytarib olingan tizimlarni boshqa talabgor davlatlarga taklif etish rejasi ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, ushbu ssenariyda Turkiya ham mablag‘ini qaytarib olishi mumkin. Bu jarayon Turkiyaga F-35siz ham o‘z mudofaa strategiyasini shakllantirish imkonini berishi mumkin. Endi Kaan va Eurofighter samolyotlari milliy parkka qo‘shilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Rossiya Turkiyadan S-400larni qaytarib olishni taklif qilmoqda | Vaqt.uz