
Rossiya Ukrainani «Valday» rezidensiyasiga dron hujumida aybladi
Rossiya «Valday» rezidensiyasiga dron hujumi urinishida Ukrainani aybladi, Kiyev esa buni muzokaralarni buzishga qaratilgan soxta da’vo deb atadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov tunda Ukraina Qurolli kuchlari Novgorod oblastida joylashgan prezident rezidensiyasi «Valday»ga dronlar bilan hujum qilishga uringanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya havo mudofaasi jami 91 ta pilotsiz parvoz qurilmasini yo‘q qilgan, jabrlanganlar va moddiy zarar haqida ma’lumot yo‘q.
Lavrovning ta’kidlashicha, Moskva mazkur holatga qaramasdan tinchlik jarayonidan chiqish niyatida emas, ammo muzokara pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqadi. Shu bilan birga, Rossiya qurolli kuchlari javob zarbasi uchun vaqt va ob’ektlarni belgilab olgani ham aytildi. Ayblovlar tasdig‘i sifatida hech qanday dalil keltirilmadi.
Rossiya Mudofaa vazirligi avvalroq Novgorod oblasti uzra 41 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan edi. Keyinroq vazirlik 91 ta dron soniga Bryansk va Smolensk oblastlari ustida yo‘q qilingan pilotsiz parvoz qurilmalari ham kiritilganini, ular go‘yoki Novgorod tomon yo‘l olganini izohladi.
Bu bayonotlar Kreml Vladimir Putin va AQSH prezidenti Donald Tramp o‘rtasida navbatdagi telefon muloqoti bo‘lishi arafasida yangradi. Suhbat bo‘lib o‘tgani haqida tez orada Oq uy ham xabar qildi. Putin ushbu qo‘ng‘iroq chog‘ida «Valday»ga dron hujumi haqida Trampga shikoyat qilgan.
Putin yordamchisi Yuriy Ushakovga ko‘ra, Tramp bu holatni «aqlbovarqilmas harakat» deb atagan. Keyinroq Trampning o‘zi ham voqea yuzasidan fikr bildirgan.
«Menga bu yoqmayapti, bu yaxshi ish emas. Men buni eshitdim. Kim buni menga hikoya qilib berdi, deng? Prezident Putin. U erta tongdan hujumga uchraganini aytdi. Bu yaxshi emas, yaxshi emas. Unutmanglar, men «Tomahawk»lar berishini to‘xtatgan edim, shunga o‘xshash hodisalar yuz bermasligi uchun. Hozir juda nozik davr. Hujum uchun noto‘g‘ri davr. Jang maydonida hujum boshqa narsa, uning uyiga hujum qilish butunlay boshqa narsa», — degan Tramp.
Shu bilan birga, Tramp Putin bilan suhbatini «juda yaxshi o‘tdi» deb atadi, ammo hali ham bir necha murakkab masalalar qolganini tan oldi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya ayblovlarini keskin rad etdi. Uning fikricha, «Valday» haqidagi bayonotlar — Kiyev va Vashington o‘rtasidagi so‘nggi samarali muzokaralar fonida Moskva tomonidan o‘ylab topilgan soxta ssenariy. Zelenskiy bu ayblovlar Rossiyaning Ukrainaga, xususan Kiyevga zarbalarni davom ettirish va tinchlikka qadam qo‘ymaslik uchun bahona ekanini aytdi.
Tramp va Zelenskiy uchrashuvi bir kun oldin bo‘lib o‘tgan. Tomonlar muzokaralarni ijobiy baholagan bo‘lsa-da, Donbass va Zaporijjya AESi kabi asosiy bahsli masalalar hal etilmagani ochiq qoldi. Trampning aytishicha, tomonlar kelishuvga yaqinlashgan, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.





