
Rossiya va G‘arb boy bergan joyda O‘zbekiston qurilish qilmoqda – ekspert
09.06.2025 | 08:4541702
Xalqaro munosabatlar bo‘yicha ekspert Jeyms Dyursoning aytishicha, rasmiy Toshkent G‘arb yoki Rossiya kabi Afg‘onistondan yuz o‘girmasdan, u yerda amaliy va strategik loyihalarni amalga oshirmoqda.

Unga ko‘ra, bu loyihalar O‘zbekistonning yangi bozorlarga chiqishi va mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shishiga xizmat qiladi.
Hozir Transafg‘oniston temir yo‘li, Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi va Termiz erkin iqtisodiy zonasi kabi yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lashga qaratilgan.
Termizdagi erkin iqtisodiy zona afg‘on tadbirkorlari uchun ikki haftalik viza, bojxona, ombor va 900 ming tonnagacha tovar qabul qilish imkoniyatini taqdim etmoqda. Shuningdek, temir yo‘l loyihasi orqali Pokiston portlariga chiqish arzonlashib, yuk tashish xarajatlari 30–40 foizga kamayishi kutilmoqda.
Elektr liniyasi 1000 MW quvvatga ega bo‘lib, Afg‘onistonning transport tarmog‘ini elektrlashtirish va CASA-1000 loyihasiga ulanish imkoniyatini beradi. Ayni paytda O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasining taxminan 60 foizini yetkazib bermoqda.





